Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon ballistik raketalar uchirdi
Shimoliy Koreya 12 oktyabr, dushanba kuni Yapon dengizi tomon bir nechta ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiy manbalariga tayangan «Yonxap» axborot agentligi xabar berdi.
Janubiy Koreya Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lum qilishicha, uchirilgan raketalarning ayrimlari 900 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan.
Janubiy Koreya harbiylari yangi raketa uchirilishlari ehtimoli tufayli kuzatuvni kuchaytirgan va yuqori jangovar shaylik holatini saqlab turibdi. Shuningdek, Seul AQSh va Yaponiya bilan tegishli ma’lumotlarni almashmoqda.
Raketalar uchirilganidan keyin Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati huzuridagi Milliy xavfsizlik agentligi favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.
«Blumberg» agentligi Pxenyanning sinovlarini Janubiy Koreyaning demilitarizasiya qilingan hududning ayrim qismlarini minalardan tozalash operasiyasi bilan bog‘lamoqda. 21 sentyabr kuni mazkur hududda mina portlashi oqibatida Janubiy Koreyaning uch nafar harbiy xizmatchisi jarohatlangan edi. Shimoliy Koreya rasmiylari ushbu hodisaga aloqadorligini rad etgan.
Shimoliy Koreyaning avvalgi ballistik raketa sinovi 3 oktyabr kuni Vonsan hududidan amalga oshirilgan. Ertasi kuni mamlakatning Koreya markaziy axborot agentligi rahbar Kim Chen In gipertovushli strategik qurol tizimidan foydalanishni ham qamrab olgan raketa qo‘shinlari mashg‘ulotlarida o‘rta masofaga mo‘ljallangan strategik raketa uchirilishini kuzatganini xabar qilgan.
O‘sha sinov vaqtida Janubiy Koreya va Yaponiyaning raketaga qarshi mudofaa radarlari raketa o‘zgaruvchan trayektoriya bo‘ylab harakatlangani sababli uni kuzatishda qiyinchilikka duch kelgani aytilgan.
