Italiya 10 yil ichida atom energetikasiga qaytmoqchi
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni mamlakatda yaqin o‘n yil ichida atom elektr energiyasini ishlab chiqarishni qayta tiklash rejalarini e’lon qildi.
U Yevropa Ittifoqi sammiti arafasida Milanda sanoat vakillari bilan uchrashuvda so‘zga chiqib, Yevropa Eron bilan urush hamda Hurmuz bo‘g‘ozi va Qizil dengiz orqali dengiz qatnovidagi uzilishlar tufayli yuzaga kelgan energetika inqirozini bartaraf etish uchun uzoq muddatli yechimlarni izlashi kerakligini ta’kidladi.
«Agar biz uzoq muddatli, tizimli yechimlarni ishlab chiqmasak, favqulodda vaziyatlarga tobora ko‘proq qaram bo‘lib qolishimiz mumkin», — dedi Meloni.
Italiya hukumati bir vaqtning o‘zida atom energetikasini rivojlantirish va mamlakatning o‘z neft hamda gaz qazib olish hajmini oshirishni taklif qilmoqda.
«Agar ularning bir qismini Italiyaning o‘zida qazib olishimiz mumkin bo‘lsa, neft va gazni minglab kilometr uzoqdan sotib olishning unchalik ma’nosi yo‘q», — deya ta’kidladi bosh vazir.
Italiya 1986 yildagi Chernobil halokatidan keyin atom energetikasidan voz kechgan edi. Endi mamlakat hukumati import qilinadigan qimmat yoqilg‘iga qaramlikni kamaytirish maqsadida yangi atom elektr stansiyalarini qurishni rejalashtirmoqda.
Sentyabr oyida bu boradagi zarur qonunchilik o‘zgarishlari Italiya Senatidan o‘tdi.
