Imzo chekishni bilmaganlarning saylov byulleteni bekor qilindi
AQSh Nevada shtatining ikki okrugida 13 mingdan ortiq saylov byulleteni haqiqiy emas deb topildi. Bunga saylovchilarning to‘g‘ri imzo chekishni bilmagani sabab bo‘lgan, deb yozdi Business Insider.
Shtat davlat kotibi Fransisko Agilar 6 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tushuntirganidek, muammo pochta orqali yuborilgan saylov byulletenidagi imzo bilan bog‘liq. Qayd qilinishicha, imzolar saylovchilar ma’lumotlar bazasidagi imzoga mos kelmagan. «Bugungi kunda yoshlar imzo chekishni bilmaydi», dedi Agilar.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi prezidentlik saylovida yaroqsiz bo‘lgan byulletenlar soni 2020 va 2022 yillardagi saylovlardagidan ko‘proq.
Saylovchilarga yordam beruvchi Vote America va Vote.Org tashkilotlari asoschisi Debra Kliver qo‘lda yozilgan imzolarni boshqa identifikator bilan almashtirish tarafdori, chunki yoshlarda imzo chekish bilan bog‘liq muammolar tobora ko‘paymoqda. Bunday holatning sabablaridan biri sifatida Kliver 2010 yildan beri ko‘plab shtatlar maktab o‘quv dasturidan husnixat darsining chiqarib tashlanganini keltirdi. Oqibatda, 20-25 yoshdagi ko‘plab yoshlar qo‘lda yozish qobiliyatiga deyarli ega emas yoki aniq va o‘ziga xos imzolarini shakllantira olmagan. Kliverning fikricha, muammo vaqt o‘tishi bilan yomonlashadi.
Shu bilan birga, Agilar so‘zlariga ko‘ra, ba’zida keksa avlod vakillari orasida ham imzolar mos kelmaydi. Chunki ular o‘z imzosini hayoti davomida (masalan, turmush qurganidan keyin) yangisiga o‘zgartiradi, lekin uni ma’lumotlar bazasida yangilashni unutadi.