Ijtimoiy tarmoqsiz hayot

Bir kuni turmush o‘rtog‘im uyga shoshib kirib: «Telefoningni ber, qo‘shniga sotib, boshqa yaxshisini olib beraman!» deb qoldilar. «Mayli», deya u kishiga oppoq qo‘l telefonimni uzatdim…
«Bu ham telefon jinnisi ekan», deb o‘ylayapsizmi?! Rosti, avvaliga ozgina bir nimasini yo‘qotgan odamdek his qildim o‘zimni. Keyinchalik nima uchun bunday holga tushganimni tushundim.
To‘g‘ri, telefon orqali – shu kichikkina to‘rtburchak ashyo tufayli har kim o‘zi izlagan «dunyo»ga kirib boradi, oxir-oqibat undan chiqolmay qoladi. O‘zim-chi, xo‘sh, men nima uchun telefonsiz qolib qiynaldim?!
Men kimlargadir o‘xshab tinmay ijtimoiy tarmoqma-tarmoq kezib yurmayman, shukr. Shunchaki qiynalishimga sabab – kundalik zikrlarimsiz qolib ketdim
Har kuni bomdod va shom mahali, ayniqsa, izlanib qolaman, deng. Oq telefonimda esa butun boshli duolar kitobi va Qur’oni Karim bor edi. Uni ochib o‘qishga aslo qiynalmasdim. Tayyor dasturimdan ajralib qolib, qalbim huvillab qoldi.
To‘g‘ri, hali ham undan yaxshisiga yetolmadim lekin tan olish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarsiz ham hayot tabiiy go‘zalroq ekan, azizlar. Chindan ham bolalaringizga haqiqiy ma’noda qaraysiz, ular bilan qiziqasiz, haqiqiy Qur’oni Karimni ochib, oyatlarini izlab o‘qiysiz, kitoblarni tabiiy holda mutolaa qilasiz. Xullas, hammasi o‘z holicha sodir bo‘ladi. Bir shisha banka ichidan chiqqanday bo‘lasiz go‘yo, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Endi esa turmush o‘rtog‘imga ham o‘z telefonini oddiy qo‘l telefoniga almashtirishini tayinlaganim-tayinlagan. Sababi hatto ovqat mahali ham shuni titkilab o‘tiradilar, biz esa u kishining yuziga qarab o‘tiramiz: bir kulishlariga, bir qovoq uyishlariga boqib ovqatlanamiz. Oxiri: «Bizga vaqt ajratmasangiz ham, ovqatni qayerga yeyayotganingizni biling, dadasi», deb yuboraman. Bu gapimdan so‘ng bir chetga qo‘yilgan telefonga bolalarim talashib ketishadi. «Hoy, endi sizlar boshladingizmi?!» desam, «Oyi, «mushuk»ka qarab qo‘yaylik, balki ochqab ketgandir, hojatga borgisi kelayotgandir Agar hozir qaramasak, dadam yana telefonlarini olib qo‘yadilar», deyishadi chug‘urlab. Nima deyishni ham bilmay qolasan odam.
Shu «sobiq» oq telefonimda bir tarmoqda o‘qigan hikoyam hech esimdan chiqmaydi, uni aynan keltira olmayman, lekin aytib beraman. Quloq soling, balki sizga bu tanishdir, har holda yana bir bor eslatma bo‘lsa, ibrat bo‘lsa, ajab emas.
Kasalxonaga nuroniy bir onaxon betob bo‘lib yotqiziladi. Unga bir hamshira har kuni qaraydi. Onaxon necha kun davolanib yotgan bo‘lsa, shuncha kun qo‘ni-qo‘shnisi, uzoq-yaqin qarindosh-urug‘lari, quda-andasi, xullas, ko‘pchilik ko‘rgani keladi. Mehr-oqibat tobora yo‘qolib borayotgan bir zamonda buni kuzatgan hamshira nihoyatda ajablanadi.
Ertaga javob degan kuni u katta o‘g‘ildan nima uchun ko‘pchilik onasini ko‘rgani kelganining sababini so‘raydi. «Onam juda yaxshi ayollar, hammaga mehr-oqibat ko‘rsatadilar, shuning uchun bo‘lsa kerak-da», deydi o‘g‘il. Bu javobdan qoniqmagan hamshira onaxonning o‘zidan buning boisini bilgisi keladi. Shunda onaxon nima javob qilgan, bilasizmi?! Balki, uning javobini eshitib, siz ham men kabi hayratlar va ko‘z yoshlar ichida qolarsiz!?
«Bolam, men qayerga, kimning uyiga borsam, Qur’oni Karimni ko‘zlarim bilan qidiraman. Unga ko‘zim tushgan zahoti darhol qo‘limga olib, yarim-bir bet o‘qiyman va Kitobni yopib, Robbimga shunday duo qilaman: «Allohim, men Sening Kitobingni tashlab qo‘ymaganim kabi Sen ham meni tashlab qo‘ymagin!»
Uni tinglab turgan hamshiraning ham ko‘zlaridan tinmay yosh oqardi. U onaxonni shu tobda mahkam bag‘riga bosgisi keldi.
Ha, azizlar, ana Qur’oni Karimga bo‘lgan e’tiborning mukofoti! Qani edi, qo‘limiz tinmay telefonga emas, Qur’oni Karimga yugursa. Qaniydi, telefondagi narsalarni kulib yo yig‘lab o‘qiganimiz kabi Buyuk Allohning Kalomini ham berilib tilovat qilsak.
«Har narsaning o‘z o‘rni bor», dersiz?! Xo‘p, shunday ekan, biz musulmonlarning telefonga tikilganimizdek, Qur’oni Karimni ham o‘qib qo‘yganimiz qani?!
Madomiki, kim Qur’onni o‘qishni bilsa-yu, uni uch kundan ortiq tashlab qo‘ysa, «g‘ofillardan» deb yozib qo‘yilishini bilamizmi? (Bilamiz, chunki bu haqdagi maqolalarni ana shu telefonlarimizdan allaqachon o‘qiganmiz.) Agar Qur’onni tashlab qo‘ysak, u qiyomat kuni orqamizdan kelib, jahannamga itarishini-chi?!
Shunday ekan, keling, barchamiz Alloh taolo bizga dastur qilib yuborgan Kitobini o‘qiylik, mag‘zini chaqib, unga amal qilaylik. Zero, ana shunda ijtimoiy tarmoqlardan topgan rohatdan ustunroq rohatni qo‘lga kiritamiz
Zuhra HAMDAMOVA,
jurnalist
Manba: azon.uz