Huquqbuzarlik holatida shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlangani sababli sud qarori bekor bo‘ldi
Sud qaroriga ko‘ra, R.Soxibov (ism shariflar o‘zgartirilgan) “Damas” rusumli avtomashinasini Yangiqo‘rg‘on – Kalishoh avtomobil yo‘li boshqarib ketayotib, “Yo‘l harakati qoidalari”ning 77-bandi talablarini buzib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmasdan, o‘zidan oldinda harakatlanib chorrahadan chapga burilayotgan I.Mirodilov boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashinaning chap yon qismiga urib, to‘qnashuv sodir qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi MJtK 307-moddasida, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish vaqtida tegishli organ (mansabdor shaxs): ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan-etilmaganligini, huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyni, mazkur shaxs uni sodir etishda aybdor-aybdor emasligini, uning ma’muriy javobgarlikka tortilish-tortilmasligini, javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi holatlar bor-yo‘qligini, shuningdek ishni to‘g‘ri hal etishda ahamiyatga molik boshqa holatlarni aniqlashi shartligi ko‘rsatilgan.
Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasining 1-qismi bilan javobgarlikka tortilishi nazarda tutilgan.
Namangan viloyat ma’muriy sudi kassasiya instansiyasining 2020 yil 20 oktyabrdagi ajrimi bilan I.Mirodilovni tan jarohatlari yuzasidan komission sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Namangan viloyat ma’muriy sudining kassasiya instansiyasida aniqlangan holatlarga asosan R.Soxibovning yo‘l harakati qoidalarini buzib, transport xodisasi sodir etishi natijasida I.Mirodilovga o‘rtacha og‘ir jarohat yetkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 17-bandida, sud huquqbuzarlik holatida shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari bor degan xulosaga kelsa, MJtK 278-moddasiga muvofiq materiallarni prokurorga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishi nazarda tutilgan.
Shunga ko‘ra, kassasiya instansiyasi tayinlangan komission ekspertiza xulosasiga asoslanib, R.Soxibovga oid huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari bor degan xulosaga kelib, sud qarorini bekor qilib, unga oid ishni prokurorga yuborishni lozim topdi.
Doniyor Tojiboyev,
Namangan viloyat ma’muriy sudi sudyasi