Hajdan keyin qanday hayot kechirasiz?

Hajdan keyin qanday hayot kechirasiz?

Islom olamining mo‘tabar ulamolaridan biri, zamondosh siymolardan  muftiy Muhammad Rafi’ Usmoniy hazratlari haj ibodati haqidagi asarlarida quyidagilarni yozadilar:

Hajning qabul bo‘lishi va uning alomatlari

Birinchi alomat:

Hajning qabul bo‘lishining bir alomati hadislarda kelganki, jamarotdagi shaytonga otiladigan toshlar haqida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Kimning toshlari (shaytonga) otilsa, uning haji qabul bo‘ladi” (ma’no tarjima).

Tushib ketgan toshlar haji qabul bo‘lmagan kimsalarning toshlaridir. Shuning uchun, ulamoi kiromlar o‘sha yerda tushib yotgan toshlar yerdan olib otilmasin degan masalani yozganlar. Chunki, u toshlar haji qabul bo‘lmagan kimsalarning toshlaridir.

Qur’oni karimda baytulloh haqida shunday deyilgan:

فِيهِ آيَاتٌ بَيِّنَاتٌ

Ya’ni: Unda ochiq-oydin alomatlar bor”. (Oli Imron surasi, 97-oyat)

Ushbu ochiq-oydin alomatlardan biri ham, haji qabul bo‘ladigan kimsalarning shaytonga otiladigan toshlaridir.

Ikkinchi alomat:

Biz ulug‘larimizdan eshitgan haj qabul bo‘lishining ikkinchi alomati shuki, hajdan qaytib kelgandan keyin bandaning amallarida yaxshilanish paydo bo‘lishi, oldin farzlar va vojiblarga qanchalik e’tibor bo‘lgan bo‘lsa, endi undan ham ko‘proq e’tibor bo‘lishi, oldin gunohlardan saqlanishga qanchalik harakat qilingan bo‘lsa, endi yanada ko‘proq harakat bo‘lishidir. Agar biror kimsada bu narsa paydo bo‘lsa, u holda bu "maqbul haj"ga erishganligining belgisidir.

Uchinchi alomat:

Biz ulug‘larimizdan eshitgan yana bir boshqa alomat shuki, qayta-qayta u yerga borishga zavq kuchayib borishidir. Shuning uchun biz amallarimizni tahlil qilib olishimiz lozimdir. Hajdan keyin bizning amallarimizda o‘zgarish bo‘ldimi? Hajdan oldin bo‘lgan farzlar va vojiblarga e’tibor yanada yaxshilandimi yoki yo‘q? Hajdan oldin gunohlardan saqlanishga bo‘lgan harakatimiz yanada ziyoda bo‘ldimi yoki yo‘q? bunga qaraylik.

Agar o‘zgarishlar bo‘lgan bo‘lsa, u holda bu maqbul haj alomatidir.

 

Mayuslikka hech hojat yo‘q

Lekin, Xudo ko‘rsatmasin, agar amallarda yaxshilanish paydo bo‘lmasa va ayni o‘sha hajdan oldingi holat o‘zgarmasdan tursa, o‘shanda ham mayuslikka hech hojat yo‘q. Tavba eshiklari ochiqdir. Endi, barcha gunohlaringiz avf qilinishi uchun chin tavba qilib oling.

 

Allohninig valiysi bo‘lishning oson yo‘li

Hakimul ummat, mavlono Ashraf Ali Tahanoviy rahmatullohi alayh aytar edilar:

Odamlar Allohning valiysi bo‘lishni judayam qiyin ish, uning uchun yillar davomida mujohada va riyozat zarurdir deb o‘ylaydilar. Vaholanki, bu gap mutlaqo to‘g‘ri emasdir. "Allohning valiysi" degani, Allohning do‘sti deganidir. Allohning valiysi bo‘lishlik esa xar insonning ixtiyoridadir. Qachon xohlasalar, Allohning valiysi bo‘ladilar. Aynan hozir siz Allohning valiysi bo‘lishni xohlasangiz, u holda hoziroq Allohning valiysi bo‘la olasiz.

Aytdilarki, bir daqiqada inson Alloh ta’olo oldida uyalib, barcha gunohlariga tavba qilib olsin. Shunda, gunohlardan pok bo‘ladi. Chunki, hadisi sharifda keladi:

التائب من الذنب كمن لا ذنب له

Ya’ni: “Gunohdan tavba qiluvchi, xuddi gunohi yo‘q kimsa kabidir”.(Mishkoti sharif)

Tavba kimyoviy sxemaki, u turpoqni oltin va javharga aylantirib yuboradi. Lahzalarda inson gunohlardan pok bo‘ladi.

“Hajning qabul bo‘lishi” degandan maqsad nima?

Bu o‘rinda bir narsani tushunib oling: biri, hajning qabul bo‘lishi, ikkinchisi, hajning ado bo‘lishi. Ikkisi boshqa-boshqa narsadir. Qachonki, siz hajning barcha amallarini qoidaga muvofiq ado qilsangiz, shunda haj ado bo‘ladi. Hajning ikki rukni bor. Biri, xoh bir daqiqa bo‘lsa ham arafotda turishlik, ikkinchisi, tavofi ifozadir. Qolganlari esa, ba’zisi vojiblar, ba’zisi shartlar, ba’zisi sunnat va mustahablardir. Shunga ko‘ra, agar hajning shariatga muvofiq farzlar va vojiblarini ado qilib olsangiz, u holda hajning farzi ado bo‘ladi. Lekin agar haj maqbul bo‘lmasa, u holda unga savob yetmaydi. Shuning uchun, haj qabul bo‘lishining ma’nosi, unga ajr-savob ham berilishi deganidir.

 

Shukr qiling!

Agar hajdan kelgandan keyin siz amallaringizda yaxshilanishni sezsangiz, u holda buning uchun Alloh ta’ologa shukr qiling. Shukr qilishlik haqida Alloh ta’oloning va’dasi shuki, qachonki, siz biror ne’matga shukr qilsangiz, u holda Biz o‘sha ne’matni ziyoda qilib beramiz.

لَئِن شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ

Ya’ni: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, u holda albatta, sizga ziyoda qilamiz”. (Ibrohim surasi, 7-oyat)

Yaxshi amallarga yanada shavq paydo bo‘lsa, gunohlardan nafrat yanada ziyoda bo‘lsa, qancha shukr qilib borsangiz, shuncha bu ne’mat ziyoda bo‘lib boradi. Xayr amallar ko‘payib boradi va gunohlar kamayib boradi. Xattoki, bir vaqt shunday bo‘ladiki, toatda lazzat seza boshlaydi va gunohlardan nafrat bo‘ladi. Xudo saqlasin, agar goho gunohga mubtalo bo‘lsa, unda lazzat bo‘lmaydi.

 

Hajning ta’sirlari aslida taqvo holatidir

Siz muhtaram zotlar hajga tashrif buyurdingiz. Shunda u yerdagi muhitning sizga ta’sirlari bo‘ldi. Hozirgacha o‘sha ta’sirlar bor. Bundan oldin bu ta’sirlar so‘ngan edi. Ularni muhofaza qiling. Bu ta’sirlar aslida taqvo holatidir. Uni muhofaza qilishlik juda zarurdir. Qur’oni karimda taqvoning muhofaza qilishlik yo‘li aytilgan. Alloh ta’olo shunday deydi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ

Ya’ni: “Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qiling va sodiqlar bilan birga bo‘ling”. ( Tavba surasi, 119-oyat)

Ushbu oyatda avval, “Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qiling (Allohdan qo‘rqing)” deyildi. Allohdan qo‘rqishdan maqsad, Allohga itoatsizlik qilmaslik va gunohlardan saqlanishlikdir.

 

Alloh taolo barchalarimizga shunday hajni nasib qilsin.

Manba: muslim. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!