Guvohnoma beriladi: Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi maqomini olish tartibi e’lon qilindi

Guvohnoma beriladi: Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi maqomini olish tartibi e’lon qilindi

O‘zbekistonda 2023 yil 1 iyuldan jamoatchilik ekologiya nazoratchisi tizimi joriy qilinishi haqida xabar berilgan edi. Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi.

Nizomda jamoatchilik ekologiya nazoratchilari maqomi, huquq va majburiyatlari, ular foaliyatining asosiy yo‘nalishlari, jamoatchilik ekologiya nazoratchiligiga nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish hamda ular maqomini tugatish tartibi aks etgan.

“Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qaroriga ko‘ra, 2024 yil, 1 iyunga qadar jamoatchilik ekologiya nazoratchiligiga nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazishni mustaqil ta’lim shaklida amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Nomzodlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologoiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, vazirlikning hududiy organlariga ariza bilan murojaat qiladi. Arizalar 10 ish kunidan kechiktirmasdan ko‘rib chiqilib, nomzodlar ro‘yxati vazirlik huzurida tashkil etilgan komissiyaga taqdim etiladi. Komissiya tarkibi vazirlik va Ekologik partiya vakillari hamda ekologiya sohasidagi olimlardan shakllantiriladi.

Komissiya nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni 3 ish kunida ko‘rib chiqib, ularning ro‘yxatini tasdiqlaydi va vazirlik saytda e’lon qiladi. So‘ng ro‘yxatni Markaziy Osiyo Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziga ularni maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun yuboradi.

Nomzodlar vazirlik tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlar asosida 72 soatlik bepul maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi. O‘quv jarayoni masofaviy ta’lim tarzida amalga oshirilishi ham mumkin.

Maxsus tayyorgarlikdan so‘ng nomzodlar yakka tartibda suhbat ko‘rinishida yakuniy imtihondan o‘tkaziladi. Unda 5 ta savol berilib, javoblar 5 ballik tizimda baholanadi. Savollarning 3 tasiga javob bera olmaganlar imtihondan o‘tmagan hisoblanadi.

Yakuniy imtihon natijalari bo‘yicha nomzodlarga vazirlikning tegishli hududiy organlari tomonidan sertifikat va vazirning elektron raqamli imzosi (QR kod) bilan tasdiqlangan ekologiya nazoratchisi guvohnomasi beriladi.

Nomzod guvohnoma berilgan kundan ekologiya nazoratchisi maqomiga ega bo‘ladi va o‘z faoliyatini vakolatli organlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!