G‘ijduvonda 193 turdagi sifati kafolatlanmagan dorilar sotuvi to‘xtatildi
Aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Buxoro viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1994 y.t. fuqaro o‘z oila a’zolari bilan birgalikda, uy sharoitida qo‘lbola usulda dori vositalarini tayyorlab kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
So‘ngra, qonunbuzarlar tomonidan dori vositalarini saqlash uchun 1 ta manzil va realizasiya qilish uchun 2 ta dorixonadan foydalanilayotganligi aniqlanib, ular tegishli tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu manzillardan jami 193 turdagi 47821 dona, umumiy taxminiy qiymati 500 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan va qo‘lbola usulda tayyorlangan dori vositalari, shuningdek, 6989 dona dori vositalarining bo‘sh qutilari, yorliqlar, 3 dona dorilarni qadoqlash uskunasi va 2 qop yo‘riqnomalar saqlanib kelinayotganligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur dori vositalari “Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DMga rasmiy xulosa olish uchun yuborildi.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.
Hurmatli fuqarolar kundalik hayotda bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.
