Gepatit «A»ning ilk alomatlari qanday namoyon bo‘ladi?

Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Erkin Musayev bilan gepatologiyaning dolzarb masalalari, jigar kasalliklarining oldini olish va erta aniqlashda patronaj hamshiralarning vazifalari xususida savollarga javob berdi.
– Suhbatimizni bugun bolalar o‘rtasida tez-tez uchrayotgan Gepatit “A” kasalligi kelib chiqishi sababi, oldini olish yo‘llari haqida boshlasak.
– Gepatit «A» kasalligini «iflos qo‘llar» kasalligi deb atalishi bejiz emas. Bu kasallik virusi yuqishida shaxsiy gigiyenaga to‘la rioya etmaslik, tozalik, ozodalikka yetarli e’tibor bermaslik, qaynatilmagan suv ichish asosiy sabab bo‘ladi. Gepatit «A» yuqishi oldini olishning oson yo‘li emlashdir. Bolani bog‘chaga, maktabga berishdan oldin albatta emlatish kerak. Ota-onalarga bu haqda targ‘ib qilishda patronaj hamshiralarning roli katta. Bundan tashqari, har gal oila ko‘rigiga borganingizda xonadonda qaynatilgan suv ichiladimi, tozalik, ozodalik muhiti talab darajasidami, bunga ham e’tiborli bo‘lishingiz lozim.
– Gepatit «A» ning ilk alomatlari qanday namoyon bo‘ladi?
– Bolada holsizlik va charchoq kuzatiladi, ishtahasi bo‘lmaydi. Isitma chiqishi, ichi ketishi mumkin. Gepatit «A» da har doim ham tanaga sariqlik urib chiqmaydi, ba’zi holatlarda sariqsiz kechishi mumkin. Ana shunisi nisbatan xatarli, chunki, ota-ona bolam shamolladi yoki diareya bo‘ldi, deb o‘z bilganicha davolab, bemorning ahvolini yanada og‘irlashtiradi. Bu boshqalarga virus yuqishi xavfini ham orttiradi.
– Gepatit «A» bilan xastalangan bolalarni jismoniy mashg‘ulotlarga jalb etish mumkinmi?
– Gepatit «A» ning og‘ir shaklini o‘tkazgan bemorlar uch oygacha jismoniy tarbiya, navbatchilik, transportda uzoq yurishni talab etuvchi ortiqcha harakatlardan cheklanishi lozim. Shuningdek, xonadon sharoitida ham ularni to‘g‘ri ovqatlantirish, dam olishi uchun qulay sharoit yaratish, og‘ir jismoniy ishlardan ozod etish kerak.
– Ba’zilar jigar kasalliklarini davolashda dori-darmonlar o‘rniga tabiiy giyohlar ichish yaxshi foyda beradi, deb o‘ylaydi. Shu to‘g‘rimi?
– Noto‘g‘ri. Jigar kasalligini asosan viruslar keltirib chiqaradi. Shu bois bemorni chuqur tekshiruvdan o‘tkazib, virus turini aniqlab aniq davo choralarini ko‘rmaguncha, jigar tiklanmaydi, aksincha, kasallik rivojlanib boraveradi. Maxsus davo kurslarini to‘liq qabul qilib bo‘lgach, keyinchalik profilaktika maqsadida shifokor tavsiyasi asosida tabiiy giyohlar ichsa bo‘ladi.