G‘am-tashvishlar Allohning sinovimi yoki balosi?

G‘am-tashvishlar Allohning sinovimi yoki balosi?

O‘ziga to‘q oilaning boshlig‘i edi. Qalbi go‘zal jufti haloli, odobli farzandlari bor edi. Alloh shuncha ne’matlar bilan uni siylagan bo‘lsada, ishlarini Allohga topshirib qo‘ymas, tavakkul qilmas edi. Shuning uchun ham mudom g‘amgin yurardi.  Ishlarining oqibatidan xotirjam bo‘lmasligidan cho‘chir, vasvasalar o‘y-xayollarini butkul band qilgan edi. Bu hammadan ko‘p oilasini holdan toydirardi.

Bir kuni kichik o‘g‘li betob bo‘lib qoldi. Shifokor har qancha uni tinchitib, o‘g‘li sog‘ayib ketishi uchun shifokorlar qo‘lidan kelgancha harakat qilayotganini aytib, undan ko‘pdan ko‘p duo qilishini so‘rasa ham, erkak talvasadan chiqmasdi. Yaqinlariga o‘g‘li bu xastalikdan vafot etishi mumkinligini takrorlayverib ham o‘zi, ham ularning qalbini g‘amgin qildi. Rafiqasi va onasi uning talvasasidan jahli chiqib, bunday gaplarni qaytarmasligini aytgandi, iztirobdan uyga sig‘may o‘zini ko‘chaga otdi.

Nima qilishini bilmay yo‘llarda sarsari kezdi. Shom namoziga azon o‘qilgandi, masjidga kirib jamoat bilan shom namozini ado etdi. Namozdan keyin hamma masjidni tark etar ekan,  qiblaga qarab, ko‘zida yosh bilan duo qilayotgan bir kishi diqqatini tortdi. Erkakning g‘am-qayg‘usi, iztirobi va tashvishlari ko‘p ekanligi ayon edi. Erkak duosini tugatgunicha kutib turdi va yuziga fotiha tortgan kishining yoniga borib:

— Sizni iztirob bilan duo qilayotganingizga ko‘zim tushdi. Biror muammoingiz bormi? — deya so‘radi.

U kishi uyalinqirab, bir odamdan qarz olganini va beruvchi ertaga kelib muddatga ko‘ra qarzini so‘rashini aytdi.

— Cho‘ntagimda esa bir chaqa pulim yo‘q, — dedi. 

U qarz miqdorini so‘radi va cho‘ntagidan erkak aytgan miqdorda pul sanab, unga tutqazdi. Qarzdor kishi g‘oyatda sevindi va unga minnatdorchilik bildirib, uzoq duo qildi.

U telefon raqami va manzili yozilgan tashrif qog‘ozini olib erkakka uzatdi va qachonki biror nimaga ehtiyoj sezsa albatta unga kelishini yoki qo‘ng‘iroq qilishini aytdi.  Bu ishidan qarzdor kishi nihoyatda sevinishini o‘ylagan edi. Ammo uning javobidan hayratga tushdi. 

— Yo‘q, birodar, mening bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Qachonki, biror nimaga ehtiyoj sezsam, hozirgidek namoz o‘qiyman va qiblaga yuzlanib Allohga duo qilib yolvoraman. Hozirgidek Robbim qadari bilan mushkulim oson bo‘lib, hojatimni ravo qiladi. Men ko‘p ishlayman, pul topaman, lekin hech qachon topgan pulimga, ishimga ishonmayman. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam aytganlaridek chiroyli tavakkul bilan faqat Allohga suyanib, Unga ishonaman deya quyidagi hadisi sharifni aytdi: «Agar sizlar Allohga haqiqiy ma’noda tavakkal qilganingizda, U Zot sizni qushni rizqlagan kabi sizlarni ham rizqlantirardi. Qushlar och qorin bilan uchib ketib, to‘q qaytib keladi».

Qarzdor kishi masjidda mamnun va shukrona bilan chiqib ketdi. U esa masjidda qolib ko‘zlarida yosh bilan Allohga yolvorib, tavba qildi.

— Allohim! Bizlarni Senga haqiqiy ma’noda tavakkul qilish va barcha ishlarimizni O‘zingga topshirib qo‘yish bilan rizqlantirgin! Bizni o‘z holimizga tashlab qo‘yma va o‘z kuch-quvvatimizga suyanib qolishdan asra! Faqat va faqat Sening kuch-qudratingga ishonib suyanaylik! Ey, barcha ishlarni o‘z yo‘liga solib, hojatlarni ravo qilgan Robbim! 

Duosini ado etib, har doimgidan farqli ravishda yuzida tabassum va qalbida tavakkul bilan uyiga qaytdi. Peshvoziga chiqqan kichik o‘g‘lini ko‘rib, hayron qoldi. Farzandi darddan forig‘ bo‘lgan, kulimsirab dadasini kutib oldi. Hamon shukrona sajdasiga bordi va bundan keyin hech qachon yomon xayollar va vasvasalarga berilmaslik, Allohdan yaxshi gumon va go‘zal xayolda bo‘lishni aytib qat’iy ahd qildi.

“Ularga kishilar: «Albatta, odamlar sizga qarshi kuch to‘pladilar, ulardan qo‘rqinglar», deganda, iymonlari ziyoda bo‘ldi va: «Bizga Allohning O‘zi yetarli va U qanday ham yaxshi vakil», – dedilar. Bas, Allohning ne’mati va fazli ila ularga yomonlik yetmasdan qaytdilar va Allohning roziligiga erishdilar. Alloh ulug‘ fazl egasidir. Albatta, bunday bo‘lishingiz shaytondandir, u o‘z yaqinlaridan qo‘rqitur. Bas, agar mo‘min bo‘lsangiz, ulardan qo‘rqmanglar, mendan qo‘rqinglar.” (Oli Imron surasi, 173-175 oyatlar).

Ulamolar aytadilarki, agar biror g‘am, biror balo bandani Allohga yaqinlashtirsa, bu rahmatdir. Ammo boshga tushgan tashvish Allohdan uzoqlashtirsa, bu balodir...

Umida Aziz tayyorladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!