FVV o‘zini “pojarniy” xodimi deb tanishtirib, fuqarolardan yillik to‘lov undirayotgan firibgarlardan ogohlantirdi

FVV o‘zini “pojarniy” xodimi deb tanishtirib, fuqarolardan yillik to‘lov undirayotgan firibgarlardan ogohlantirdi

O‘zbekistonda maxsus kiyim-boshdagi shaxslar o‘zlarini “davlat yong‘in nazorati organi (“pojarniy”) xodimi” sifatida tanishtirib, fuqarolardan “yillik to‘lov” qabilida majburiy va noqonuniy tarzda pul yig‘ish holatlari uchramoqda. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, aholidan noqonuniy tarzda pul yig‘ayotgan shaxslarning vazirlik faoliyatiga hech qanday aloqasi yo‘q.

“Yong‘inning oldini olish bilan bog‘liq tadbirlar uchun vazirlik tizimi xodimlari tomonidan hech qanday pul yig‘imlari yoki boshqa turdagi to‘lovlar undirilmaydi”, — deyiladi FVV munosabatida.
Ma’lum qilinishicha, hozir mamlakatda favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritadi. Ularning nizomlarida ham favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan aholiga xizmat ko‘rsatish vazifalari belgilangan.

FVV aholidan xonadonlarga kelib, o‘zini vazirlik quyi tizimlariga o‘xshash nomdagi tashkilotlar xodimi sifatida tanishtirgan odamlardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini talab etishni so‘ragan. Shuningdek, bunday shaxslarning faoliyat turi, qanday xizmatlar ko‘rsatishiga aniqlik kiritish tavsiya etilgan.

“Agar xizmat ko‘rsatmasdan, siz yoki oila a’zolaringizni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan biror ish bajarmasdan, sizdan majburiy tartibda to‘lov talab qilinsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishingiz mumkin”, — deya ogohlantirgan vazirlik.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!