Fuqaroning huquqlari tiklandi

Fuqaroning huquqlari tiklandi

Fuqaro A.Sodiqovning sud qaroridan noroziligi haqidagi murojaati Bosh prokuratura tomonidan ko‘rib chiqildi, deya ma’lum qildi "prokuratura.uz".

Aniqlanishicha, A.Sodiqovning Jizzax shahar, A.Navoiy MFY, A.Navoiy ko‘chasida joylashgan yashash xonadoni Jizzax shahar hokimining 23.03.2015 yildagi qaroriga asosan ko‘p qavatli turar joy binolari qurilishi munosabati bilan buzilishga tushgan.

Mazkur uy baholash xulosasiga ko‘ra 400 mln. 881 ming so‘mga baholangan va ushbu summani to‘lab berish quruvchi MCHJga yuklatilgan.

Fuqaro A.Sodiqov olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarini kechiktirilishiga sababchi bo‘layotganligi haqida yozma ravishda ogohlantirilgan, biroq u kompensasiyani olishdan va uy-joyini buzishdan bosh tortgan.

Shu bilan birga, Jizzax shahar hokimining 18.10.2018 yildagi qaroriga asosan A.Sodiqovga kompensasiya tariqasida Jizzax shahrining A.Temur mahallasi hududidan 0,06 ga yer uchastkasi ajratilgan. Biroq, A.Sodiqov mazkur yer uchastkasini ham olishdan bosh tortgan.

Shunga asosan, Jizzax shakar hokimligi sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, unda javobgar A.Sodiqovga tegishli bo‘lgan Jizzax shahar, A.Navoiy MFY, A.Navoiy ko‘chasida joylashgan 1-A uyning yer maydoni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan javobgar hisobidan buzdirishni so‘ragan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining 14.01.2019 yildagi sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori bilan da’vo talabi qanoatlantirilgan.

Jizzax viloyat sudi kassasiya instansiyasining 14.05.2019 yildagi ajrimiga asosan ushbu hal qiluv qarori “javobgar A.Sodiqovni oila a’zolari bilan birga nizoli uydan ijaraga olingan Jizzax shahar, Uratepalik mahallasi, Bekariq ko‘chasida joylashgan 1-uyga ko‘chirish” haqidagi jumla bilan to‘ldirilib, o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Fuqaro A.Sodiqov va boshqalarning murojaatiga asosan Bosh prokuratura tomonidan sud qarorlarining qonuniyligi fuqarolik ishi hujjatlari bilan birga o‘rganilib, ularni bekor qilish haqida nazorat tartibida protest keltirilgan.

Fuqarolik ishi Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, sud qarorlari bekor qilindi va ish bo‘yicha Jizzax shahar hokimligining da’vo talablarini rad qilish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilinib, A.Sodiqovning murojaati to‘liq qanoatlantirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!