Folga borganning ibodati qabul bo‘ladimi?
Xalqimizda «Folga ishonma, suvga suyanma», degan naql bor. Bilasiz, folbinga ishonish, azayimxonlarga borish, «issiq-sovuq», sehr-jodu qildirish eng katta gunoh hisoblanadi. Ammo shunday bo‘lsa-da, bugun bu gunohdan tiyila olmayotganlar ham yo‘q emas...
Mutaxassis — Abu YUSUF, islomshunos.
FOLBIN KIM?
Folbin — qo‘l, kitob, mayda toshlar, oyna, qarta va boshqa narsalarga qarab, kishi bilishga qiziqqan narsa yo hodisalarni go‘yo oldindan «aytib beruvchi», «bashorat» qiluvchi odam. Yolg‘on gap-so‘zlar, xatti-harakatlar qilib, odamlarni aldab kun kechiradigan folbin, azayimxon, romchi, kinnachi, «issiq-sovuq» qiluvchilarga ishonmaslik, ularga aldanib qolmaslik zarur. Munajjimlar ham xuddi shu toifaga kiradi. Yulduzlar yo biror narsaga qarab kelajakni aytish ham gunoh. Bundan tiyilishimiz lozim.
Mo‘min-musulmon kishi Allohning taqdiriga ishonadi. Unga tavakkal qiladi. Boshiga mushkulot tushdimi, unga sabr qiladi. Allohning sinovi ekanini tushunib yetib, kelajak uchun faqat uning O‘Zidan yaxshilik so‘raydi. Tushkunlikka tushganda, biror muammoga duch kelganda folbin, munajjimlarga bormaydi. Shuningdek, ularning gapiga ham, so‘ziga ham ishonmaydi.
Yana folning boshqa turlari ham bor. Masalan, ko‘cha yoki bozorlarda to‘tiqush ko‘tarib «Gadayu», deb yuradiganlar, qahvaga qarab, qarta bilan fol ochadiganlarni uchratib qolamiz. Qandayligidan qat’i nazar, hammasi gunohi kabira hisoblanadi. Aytish ham, ularga ishonish ham harom.
ISHONSANGIZ HAM, BORSANGIZ HAM GUNOH!
Kishi imoni mustahkam bo‘lmagach, turli bid’at va xurofot, safsatalarga ishonadi. Natijada, katta gunohga qo‘l uradi. Odamlar, ayniqsa, ayollar folbinlarga turli maqsadlarda borishadi, ularning ko‘pchiligi kelajakni bilishga qiziqadi. Ammo aql bilan o‘ylab ko‘rmaydiki, ishonib borgan folbini ham o‘zi kabi oddiy odam. Barcha muammolariga shu folbin yechim topib, hal qilib berishiga ishonadi. Qiziga sovchi kelmayotgan onalar, eridan shubhalanayotgan ayollar, kelini bilan kelisholmay qolgan qaynonalar, bir-biri bilan urishib qolgan qo‘shnilar, o‘qishga kirolmagan abituriyentlar, savdosi yurishmagan tadbirkorlar, xullas, folbinlarga murojaat etuvchilar ko‘p.
Bugungi kunda “Falonchi folbinga borib, foyda topibdi, mushkuli oson bo‘libdi”, degan turli mish-mish, shov-shuvlarga guvoh bo‘lyapmiz. Folbin va azayimxonlarga e’tiqod qilib, ishonib borganlar bilmaydiki, o‘sha folbinning o‘z qizi turmushi bo‘lmay, eri bilan ajrashgan, o‘g‘li yoki yaqinlarining ishlari yurishmaydi. Agar qo‘lidan kelsa, qizini baxtli, o‘g‘lini yuqori lavozim egasi qilib qo‘ymasmidi?!
ISLOMDA NIMA DEYILGAN?
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim yulduzlardan ilm iqtibos qilgan bo‘lsa, sehrdan bir sho‘’ba iqtibos qilgan bo‘ladi. U ziyoda bo‘lsa, bu ham ziyoda bo‘ladi, dedilar». Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilganlar.
Ushbu rivoyatda g‘ayb ilmini, birovlarning taqdirini, kelajakda bo‘ladigan ishlarni yulduzlarga qarab bilishni da’vo qiladigan munajjimlar haqida so‘z ketmoqda. Fol ochishning bu turi ham borligi hammaga ma’lum. Sehr esa Islom shariatida harom qilingan. Shuningdek, munajjimlik ham harom bo‘ladi. Musulmon odam bu ishni qilishi, o‘sha ishni qiluvchiga ishonishi mutlaqo mumkin emas.
Yana bir rivoyat bor:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim arrofga kelib, undan biror narsa haqida so‘rasa, uning namozi qirq kechagacha qabul bo‘lmas», dedilar. Muslim va Ahmad rivoyat qilganlar.
Ahmadning lafzida:
«Kim arrofga yoki kohinga kelib, uning aytganini tasdiqlasa, batahqiq, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan narsaga kufr keltiribdi», deyilgan.
Haqiqiy mo‘min uchun qirq kunlik emas, bir mahal namozning qabul bo‘lmay qolishi ulkan musibatdir. Bu musibat faqatgina folbinga borib, undan bir narsa haqida so‘rashning jazosi hisoblanadi. Kim folbinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, ishonsa, kufrga kirgan bo‘lar ekan. Allohning O‘zi asrasin.
Yana Hadisda fol ochirish, sehrgarlik, «issiq-sovuq» qilish, birovning baxtini ochish, munajjimlik bularning hammasi jinlarning sheriklari, og‘aynilaridir, deyilgan. Shuning uchun folbinga borsangiz siz jinga borgan, jinning og‘aynilariga murojaat qilgan hisoblanasiz. Umuman, musulmon kishi bundan tiyilishi kerak. Hech narsadan shumlanish, ikkilanish kerakmas. Allohning kalomi — Qur’onni o‘qish, to‘g‘rilikni, yaxshilikni Allohdan so‘rash kerak, xolos.
Mirkamol O‘ROQOV yozib oldi.
Manba: darakchi.uz
