InfinBANK xodimi mijozni o‘ldirib, jasadni kanalga tashlab yubordi
Bosh prokuratura axborot xizmati tergovga qadar tekshiruv davomida InfinBANK ATB Qo‘qon filiali kredit bo‘limi mutaxassisi A.T. gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olinganini ma’lum qildi. U mijozni o‘ldirib, jasadni Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborganiga iqror bo‘lgan.
U S.E. 31 mart kuni aksiya doirasida avtomashina uchun kredit olish maqsadida filialga kelgani, u bilan filialda o‘zaro tortishib qolgani, Traker rusumli avtomashinasida o‘zaro gaplashib olish uchun yo‘lga chiqib, O‘zbekiston tumani «Taraqqiyot» MFY hududiga kelgani, bu yerda mashina ichida oshxona pichog‘i bilan uning bo‘yin sohasiga bir necha marta zarba berib o‘ldirganini aytgan.
U shundan so‘ng ish joyiga qaytib kelgan, murdani mashinasida qoldirgan, soat 19:00 larga qadar ishda bo‘lib, ishdan so‘ng, avtomashinasida Katta Farg‘ona kanalining O‘zbekiston tumanidagi To‘lash mahallasi hududidan oqib o‘tgan qismiga borib, murdani kanalga tashlab yuborganini bildirgan.
Holat yuzasidan JKning 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.T. qo‘lga olingan. Ayni vaqtda jabrlanuvchining jasadi topilmagan, qidiruv ishlari davom etmoqda.
Qidiruvga FVVning Farg‘ona viloyat boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.
