DXX O‘zbekistonga yashirincha olib kirilgan biologik qo‘shimchalarni fosh etdi
DXX xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda Namangan shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Undv 1977 y.t. mahalliy fuqaro boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashina ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashina salonida xorijda ishlab chiqarilgan, lekin, tegishli hujjatlari bo‘lmagan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar borligi ma’lum bo‘ldi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu fuqaro va uning turmush o‘rtog‘i bergan ko‘rsatmalarga ko‘ra, qo‘shni davlatdan aylanma yo‘llar orqali mamlakatimizga keltirilgan ushbu mahsulotlar Andijon viloyati hududida qirg‘izistonlik egasiga topshirilishi kerak bo‘lgan.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida biologik faol qo‘shimchalarni qabul qilib olgan vaqtida ularning haqiqiy egasi bo‘lgan – Qirg‘iz Respublikasi Jalol-Obod viloyati Manas shahrida yashovchi, 1976 y.t. ayol hamda u bilan birga kelgan, Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiluvchi, 1982 y.t. tanishi ham ushlandi.
Aniqlanishicha, jami 2957 dona flakonda bo‘lgan, kapsula ko‘rinishidagi «Samyun Van», «Cherniy tmin», «Senna Mekkanskaya», «Mumiye Altayskoye», «Kist al-Xindi» nomli biologik faol qo‘shimchalarning umumiy qiymati 226 mln 343 ming so‘mni tashkil qiladi.
Hozirda holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
