Rossiya va Xitoy BMTda Eronni himoya qilmoqda
Bahraynning BMTdagi Ormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini ta’minlashga qaratilgan rezolyusiya loyihasi Rossiya va Xitoyning pozisiyasi tufayli qabul qilinishi mumkin emas. Mazkur davlatlar hujjatning asosiy qoidalariga qarshi chiqmoqda. Bir necha raund davom etgan maslahatlashuvlar va hujjatning qayta ko‘rib chiqilishiga qaramay, konsensusga (yagona to‘xtamga) erishishning iloji bo‘lmadi.
Moskva va Pekin Yaqin Sharqdagi hozirgi inqirozning «asl sabablarini hisobga oluvchi» «keng qamrovli yondashuv» zarurligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, Xavfsizlik Kengashining harakatlari vaziyatni yanada keskinlashtirishga emas, balki deeskalasiyaga (keskinlikni yumshatishga) xizmat qilishi kerak.
Xitoy tomoni BMT Xavfsizlik Kengashi «noqonuniy urush harakatlarini ma’qullamasdan, balki keskinlikni yumshatishga, o‘t ochishni to‘xtatishga va muzokaralarni qayta boshlashga yordam berishi kerak»ligini bildirdi.
BMT diplomatlarining xabar berishicha, rezolyusiyaning so‘nggi loyihasi payshanba kuni, 2 aprelda ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan va u bo‘yicha ovoz berish jarayoni juma kuni bo‘lib o‘tishi mumkin.
