Mbappe «Manchester Siti» himoyachisidan qanday o‘ch olganini aytib berdi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe o‘tgan yilgi Chempionlar ligasi doirasida «Manchester Siti»ga qarshi kechgan bahsdagi mashhur gol nishonlashi haqida gapirib berdi.
Fransiyalik yulduz «shaharliklar» darvozasini ishg‘ol qilgach, himoyachi Yoshko Gvardiolning ko‘zlariga qarab golni nishonlagan edi. Forvardning so‘zlariga ko‘ra, bu bilan u xorvatiyalik futbolchidan o‘ch olgan.
«Hammasi birinchi o‘yinda boshlangan edi. O‘shanda u to‘pni mendan olib qo‘yib, qarshi hujumni to‘xtatgan va to‘g‘ri qarshimda «Ha!» deb baqirib, buni nishonlagan edi. Men bunday narsalarni esdan chiqarmayman», — deya Mbappening o‘sha voqea haqidagi xotiralarini keltiradi Madrid Xtra.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yildagi «Real» va «Manchester Siti» qarama-qarshiligi «qaymoqranglilar»ning umumiy 6:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan edi. Joriy mavsumda ham jamoalar yana to‘qnash kelishdi va unda ham madridliklar zafar quchishdi — 5:1.
