Finlyandiya prezidenti Zelenskiy-Tramp uchrashuvi haqida: "Putin yagona g‘olib bo‘ldi"

28 fevral kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan voqealarning yagona g‘olibi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bo‘ldi.
Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb Donald Tramp va Vladimir Zelenskiyning ochiq janjalga aylangan uchrashuvini shunday izohladi.
"Bu diplomatik muvaffaqiyatsizlik edi, unda aslida bitta g‘olib bor edi va u u yerda yo‘q ham edi. Bu Vladimir Putin" - dedi Stubb Ykkösaamu teledasturida.
Stubb Oq uydagi voqealarni "qayg‘uli" va "tarixiy" deb baholadi.
"Men butun umrim davomida xalqaro siyosat va diplomatiya bilan shug‘ullanganman va hech qachon bunday narsalarni omma oldida ko‘rmaganman. Har xil muhokamalarni yopiq eshiklar ortida kuzatish mumkin, ammo juma kuni kameralar oldida sodir bo‘lgan voqealar juda kam uchraydi", deya qo‘shimcha qildi u.
Stubbning so‘zlariga ko‘ra, Finlyandiya tinchlikka erishishning dastlabki rejasini ishlab chiqqan bo‘lib, u uch bosqichni o‘z ichiga oladi, birinchi bosqichda Ukrainani harbiy, siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustahkamlash, shuningdek, Rossiyaga maksimal bosim o‘tkazish kiradi.
“Ukraina xavfsizlik masalalarida yetakchi rol o‘ynashi, shu bilan birga Yevropa va AQSh ko‘magida harakat qilishi kerak”, - dedi Stubb.
U muzokaralar Pasxagacha davom etishini taklif qilib, Yevropa bu jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladi.