Farg‘onadan Qirg‘izistonga mikroavtobus qatnovi qayta tiklandi

Bugun, 26 yanvardan e’tiboran “Farg‘ona – Quvasoy – Qizil-qiya” xalqaro yo‘nalishida mikroavtobus qatnovi qayta tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Farg‘ona va Qirg‘izistonning Batken viloyatidagi Qizil-qiya shahri o‘rtasida amalga oshiriladigan mazkur qatnov ikki chegaradosh viloyat o‘rtasidagi bordi-keldi uchun muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
2020 yilgacha mavjud bo‘lgan mazkur qatnov, pandemiya davri cheklovlarida to‘xtab qolgan edi.
Qirg‘iziston tomonidan “Qizil-qiya PATP”, O‘zbekiston tomonidan esa “Dayewoo Trans Servis” MCHJ xizmat ko‘rsatuvchi yo‘nalish umumiy masofasi 39,5 kmni tashkil etib, yo‘lkira narxi 12 ming so‘m etib belgilandi.
Mikroavtobuslar Qizil-qiya va Farg‘onadan tongi soat 7:20 da harakat boshlanishi nazarda tutilgan.
Kelgusida aholi talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda qatnovlarni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.