Fanlar akademiyasi olimlari suv tozalovchi qurilma namunasini ishlab chiqdi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan biologik asosda olingan ko‘p qatlamli grafen yaratildi.
Bu haqda akademiya matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu material asosida suvni tozalashga mo‘ljallangan WATER-TOL nomli filtr-press qurilmasining laboratoriya namunasi ishlab chiqildi.
So‘nggi yillarda uglerod asosidagi zamonaviy materiallar — grafen, uglerod nanotrubkalari, fullerenlar va grafen oksidi keng ko‘lamda tadqiq etilmoqda. Ushbu materiallar yuqori mustahkamlik va noyob fizik-kimyoviy xususiyatlarga ega bo‘lishiga qaramay, ularning aksariyatini ishlab chiqarish jarayonida zaharli moddalar qo‘llanilishi sababli tibbiyot sohasida foydalanish cheklangan.
Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan yaratilgan ko‘p qatlamli grafen esa bu jihatdan mutlaqo xavfsiz hisoblanadi. U inson organizmi uchun zararsiz bo‘lgan nanokarbon material bo‘lib, olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra:
- inson to‘qimalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi;
- yaralarning tez bitishiga yordam beradi, jumladan, diabet sababli uzoq vaqt bitmaydigan yaralarning qisqa muddatda tuzalishi qayd etilgan;
- bakteriyalar, viruslar va zamburug‘larga qarshi faol ta’sirga ega;
- hujayra va to‘qimalarning tiklanish jarayonini rag‘batlantiradi.
Shu bois, ko‘p qatlamli grafen inson tanasi to‘qimalari bilan mos keluvchi, ya’ni biomos yangi avlod materiali sifatida baholanmoqda. U tibbiyotda yaralarni davolash, tiklovchi muolajalar va antibakterial qoplamalar yaratishda, farmasevtika sohasida dori vositalarini yetkazib beruvchi tashuvchi sifatida, sanoatda esa mustahkam va yuqori chidamli materiallar tayyorlashda qo‘llanilishi mumkin.
Eng muhimi, global ekologik muammolarni inobatga olgan holda, ko‘p qatlamli grafen suv va havoni tozalash, zaharli moddalar hamda radionuklidlarni yutib olishda yuqori samaradorlikka ega.
Ko‘p qatlamli grafenning grafen oksididan asosiy farqi shundaki, u tarkibida kislorodli guruhlarni saqlamaydi. Shu sababli, mazkur material tibbiyot va ekologiya sohalari uchun xavfsiz, yuqori salohiyatga ega bo‘lgan hamda XXI asrning istiqbolli innovasion materiallaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
