Evropada siyosiy janjal kuchaymoqda
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Vladimir Zelenskiydan unga tahdid qilishni to‘xtatishni hamda “Drujba” neft quvuri orqali vengerlarga bosim o‘tkazishdan voz kechishni talab qildi.
Zelenskiy bundan avval Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ajratiladigan navbatdagi kreditini bloklagani ortidan Orbanga nisbatan keskin bayonot bergan edi.
“Siz menga, men orqali esa butun Vengriyaga harbiy tahdid qildingiz. Bu ish bermaydi. Buni to‘xtating. Bu — Vengriya. Vengerlarni shantaj qilish ham, menga tahdid qilish ham mumkin emas”, — dedi Orban videomurojaatida.
Evropa komissiyasi ham Zelenskiyning bunday bayonotlarini qabul qilib bo‘lmas deb baholadi. Bu haqda Bryusseldagi brifingda Yevrokomissiya vakili Olof Jill ma’lum qildi.
“Evropa komissiyasi bunday turdagi bayonotlarni qabul qilib bo‘lmasligini juda aniq aytmoqda. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga nisbatan hech qanday tahdid bo‘lmasligi kerak”, — dedi u.
Slovakiya bosh vaziri Robert Fiso ham bu holatga munosabat bildirib, Zelenskiyni qattiq tanqid qildi.
“Rasmiy ravishda Yevropa Ittifoqining barcha yuqori martabali vakillarini ushbu jirkanch shantaj bayonotlaridan keyin Vladimir Zelenskiydan uzoqlashishga chaqiraman. U barcha ‘qizil chiziqlar’dan o‘tdi”, — dedi Fiso videomurojaatida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Zelenskiy o‘zini boshqalar unga so‘zsiz bo‘ysunishi kerakdek tutmoqda.
“Zelenskiy bizni o‘zining xizmatkorlari deb o‘ylayapti, go‘yoki biz u istagan hamma narsani bajarishimiz shart. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Biz unga har tomonlama yordam beryapmiz, u esa aksincha, bizga zarar yetkazyapti”, — dedi Fiso.
Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto esa bu holatni yanada qattiqroq baholab, “prezident darajasiga ko‘tarilgan mafiya” deb atadi.
“Ukraina Vengriya bosh vaziriga o‘lim bilan tahdid qildi. Bu Zelenskiyning madaniyatsizligidan dalolat beradi, biroq eng muhimi — bu ularning aslida kimligini ko‘rsatadi. Ular tahdid qiladi, shantaj qiladi. Biz buni unutmaymiz. Bugungi holat — prezident darajasiga ko‘tarilgan mafiyadir”, — dedi Siyyarto.
Fransiyaning “Vatanparvarlar” o‘ng partiyasi yetakchisi Florian Filippo ham ushbu tahdidlardan keyin Kiyev rejimini “mafiya” deb atadi.
“Nega biz Zelenskiyga Yevropa davlati hukumati rahbariga o‘lim bilan jazosiz tahdid qilishga yo‘l qo‘yib beryapmiz? Hali ham o‘sha mafiya tuzumiga pul va qurol yuboryapmizmi? Bas!” — deb yozdi Filippo X ijtimoiy tarmog‘ida.
Avvalroq Zelenskiy Ukraina matbuoti oldidagi chiqishida Orbanga sha’ma qilib quyidagicha gapirgan edi:
“Umid qilamizki, Yevropa Ittifoqidagi bir kishi 90 milliard yevroni yoki uning birinchi transhini bloklamaydi. Ukrainalik jangchilarda qurol bo‘ladi. Aks holda, bu odamning manzilini qurolli kuchlarimizdagi yigitlarga beramiz, ular esa unga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z tilida gaplashadi”, — dedi u.
