Evropa Ittifoqi va Iordaniya hamkorlik hujjatini imzoladi

Iordaniya qiroli Abdulla II Bryusselga tashrif buyurdi, u yerda Yevropa Ittifoqi va Iordaniya o‘rtasida strategik va keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi hujjat imzolandi.
“Ushbu hamkorlik tufayli Yevropa Ittifoqi va Iordaniya uzoq yillik munosabatlar va do‘stlikni har ikki tomon uchun umumiy tahdidlarga imkon qadar samarali kurashish va tinchlik, demokratiya va inson huquqlari kabi umumiy qadriyatlarni rivojlantirish uchun chuqurlashtirmoqda”, – deyiladi Yevropa Komissiyasi raisi U. Lyayen bayonotida.
Evropa bahosiga ko‘ra, Iordaniya Yevropaning Yaqin Sharq va O‘rta yer dengizidagi asosiy hamkori bo‘lib, mintaqaviy barqarorlik tayanchi bo‘lib xizmat qiladi.
“Mamlakat millionlab qochqinlarni qabul qilishda katta saxiylik ko‘rsatdi hamda mintaqa va butun dunyoda tinchlik va xavfsizlikni saqlashga to‘liq sodiqdir”, – deyiladi hujjatda.
Iordaniya G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlashda muhim rol o‘ynaydi va Yevropa Ittifoqi uning gumanitar yordam uchun mintaqaviy markaz sifatidagi ahamiyatini tan oladi. Suriyadagi o‘tish davrini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Iordaniya yetakchiligi uning mintaqa kelajagini shakllantirishdagi hal qiluvchi rolini belgilaydi.
Strategik va keng qamrovli hamkorlik uchta asosiy maqsadga yo‘naltirilgan: Iordaniya barqarorligini qo‘llab-quvvatlash, qirol Abdulla II ning siyosiy, iqtisodiy va ma’muriy modernizasiya dasturini ilgari surish, shuningdek, mamlakat iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash.
Bugun Yevropa Ittifoqi Iordaniyani hozirgi geosiyosiy qiyinchiliklarni yengib o‘tishda, jamiyatda o‘sish va rivojlanishga yordam beruvchi islohotlarni amalga oshirishda hamda iqtisodiyotini mustahkamlash uchun sarmoyalarni jalb qilishda qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Ushbu hamkorlik 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan 3 milliard yevrolik moliyaviy va investisiya paketi bilan qo‘llab-quvvatlandi. Bu sezilarli o‘sish bo‘lib, Yaqin Sharqdagi muammolarning dolzarbligi va ko‘lamini aks ettiradi.
Ushbu hamkorlik doirasida Yevropa Ittifoqi va Iordaniya siyosiy munosabatlar va mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik va mudofaa, iqtisodiy barqarorlik, savdo va sarmoya, ta’lim va malaka oshirish, migrasiya masalalari va qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash kabi keng ko‘lamli sohalarda hamkorlik qiladi.
“Bugun qirol Abdulla II va Iordaniya xalqiga murojaatim shu: Yevropa sheriklikni yuksak qadrlaydi. Sizning jasoratingiz va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga sodiqligingiz e’tirofga loyiqdir. Yevropa hamisha siz bilan bo‘ladi – sinovlarda ham, muvaffaqiyatlarda ham”, – dedi U.Lyayen o‘z bayonotida.