Rossiyada nima uchun eski-tuski tovarlarga talab oshmoqda?
Rossiyada ishlatilgan tovarlar va maishiy texnika ta’miriga qiziqish kuchaymoqda. Bu hol ekologik jihatdan ko‘ra, yuqori inflyasiya, iqtisodiy inqiroz va G‘arb sanksiyalari bilan ko‘proq bog‘liq.
Butun Rossiya bo‘ylab konsignasiya do‘konlari, ikkinchi qo‘l do‘konlari va maishiy texnika ta’mirlash xizmatlariga qiziqish ortib bormoqda. Turmush xarajatlari oshib borayotgani sababli, tobora ko‘proq iste’molchilar kiyim-kechak va poyabzal kabi yangi mahsulotlarni sotib olishdan voz kechib, arzonroq ishlatilgan muqobillarni afzal ko‘rmoqdalar. Iqtisodiy beqarorlik davrida, ayniqsa yosh rossiyaliklar sayohat, ko‘ngilochar tadbirlar va hashamatli tovarlarga kamroq mablag‘ sarflamoqda.
O‘tgan yili Rossiyada inflyasiya darajasi 9,52 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich markaziy bankning eng yuqori 8,5 foizlik prognozidan ancha baland bo‘ldi. Hukumatning asosiy foiz stavkasini oshirishni o‘z ichiga olgan narxlar o‘sishini jilovlashga qaratilgan harakatlari deyarli samara bermadi.
Sovet davrini eslatuvchi
Rossiyalik iqtisodchi Igor Lipsitsning fikricha, haqiqiy yillik inflyasiya darajasi rasmiy ko‘rsatkichdan yetti barobar yuqori ekan. U Rossiya iqtisodiyoti tobora harbiy ehtiyojlarga yo‘naltirilgan sobiq Sovet Ittifoqi iqtisodiyotiga o‘xshab borayotganini ta’kidladi. Sobiq ittifoq davrida qurol-yarog‘ sanoatiga katta mablag‘lar ajratilib, ijtimoiy masalalar e’tibordan chetda qolgan edi. Mutaxassislarning qayd etishicha, mamlakatdagi iqtisodiy beqarorlik sharoitida mahsulotlarni ta’mirlovchilar yoki ishlatilgan buyumlarni sotuvchilar ancha farovon yashashi mumkin ekan.
Rossiyaning komission do‘konlar uyushmasi raisi hamda ikkinchi qo‘l dizayner va brend kiyimlari uchun "Komilfo" butiklar tarmog‘i egasi Andrey Fedotovskiyning aytishicha, ishlatilgan hashamatli tovarlarga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda.
U, bu tendensiya "og‘ir iqtisodiy davrlar" boshlanishidan oldin ham mavjud bo‘lganini, ammo Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini oqibatida G‘arb brendlarining Rossiya bozoridan chiqib ketishi va sanksiyalar qo‘llanilishidan so‘ng keskin o‘sganini ta’kidladi. Uning aytishicha, qimmatbaho buyumlar egalari ularni sotish orqali ma’lum miqdorda pullarini qaytarib olishni istashgan, xaridorlar esa yaxshi takliflarni topganidan mamnun bo‘lishgan.
