Eronga qarshi urushning Tramp yashirishga urinayotgan sababi o‘rtaga chiqdi
Amerikaliklarning salmoqli qismi prezident Donald Trampning Eronga qarshi urush boshlashi Jeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liq deb hisoblaydi.
Newsweek nashri yozishicha, joriy yil 6-8 mart kunlari aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, 52 foiz respondent Tramp Eron urushini jamoatchilikni Epshteyn mojarosidan chalg‘itish uchun boshlagan degan fikrda.
Demokratlarning katta qismi (81 foiz) Trampning Tehronga qarshi harbiy avantyurasi aynan Epshteyn hujjatlari bilan bog‘liq degan nuqtai nazarni bildirgan.
Respublikachilar orasida bu fikrni yoqlaydiganlar salmog‘i kamroq (26 foiz).
So‘rovnoma Data for Progress tomonidan o‘tkazilgan.
“Er kurrasining u chekkasidagi mamlakatni bombardimon qilishni e’lon qilish bilan Epshteyn ishi yo‘q bo‘lib qolmaydi, Dou-Jons indeksining 50000 dan ko‘proqqa qulashi ham g‘oyib bo‘lmaydi”, degan Kongressning Vakillari palatasi a’zosi Tomas Massi.
“Urushning avj olgani sababi, Donald Tramp va Oq uydagi boshqa shaxslar, shuningdek, shu doiradagi boshqa kishilar nomi Epshteyn dosyesida zikr qilingan. Ular biz bundan xabar topganimizdan dahshatga tushgan”, – degan siyosatchi Grem Platner.
Turkiya matbuoti xabar berishicha, Kongress a’zosi Ted Lyu Epshteyn hujjatlarida Tramp voyaga yetmagan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgani haqida ayblov bo‘lishi mumkin degan ayblovni ilgari surgan.
AQSh matbuotiga ko‘ra, Adliya vazirligi Epshteyn hujjatlarini e’lon qilishda Trampga aloqador qismini yashirgan. Federal tergov idorasi tomonidan 2019 yil iyul oyida so‘roq qilingan bir ayol 35 yil avval, 13-14 yoshda ekanida Tramp tomonidan zo‘rlangani va kaltaklanganini aytgan.
Avval xabar berganimizdek, AQSh Adliya vazirligi 2025 yil dekabr oyidan moliyachi Jeffri Epshteyn ishiga doir keng ko‘lamli materiallarni ochiqlashni boshladi.
Hujjatlar AQSh Kongressi tomonidan ma’qullangan va prezident Tramp tomonidan imzolangan “Epshteyn fayllari oshkoraligi to‘g‘risidagi akt” (Epstein Files Transparency Act) doirasida e’lon qilinmoqda.
2000 ta videoyozuv va 180 mingta surat, jami 3,5 million sahifani o‘z ichiga olgan hujjatlarda ko‘plab mashhur shaxslarga qarshi kompromat mavjud ekani aytilmoqda.
Jeffri Epshteyn – rasman moliyachi, amalda esa XX–XXI asrning eng dahshatli shaxslaridan biri. Uning nomi bolalarga qarshi jinoyatlar, elita uchun yaratilgan yashirin “qullik tizimi”, siyosatchilar, milliarderlar va qirollik oilalariga bog‘liq shubhali aloqalar bilan tarixga muhrlandi. 2019 yil avgust oyida qamoqda o‘z joniga qasd qilgan Epshteyn pul orqali qonunni, axloqni va odamlar taqdirini sotib olish mumkinligini amalda isbotlab bergan iblis deya ta’riflanmoqda.
Trampning o‘zi Jeffri Epshteyn tomonidan voyaga yetmagan qizlar zo‘rlanganiga oid ishlarga butkul aloqasi yo‘qligini aytgan.
Ma’lumot o‘rnida: AQSh va Isroil joriy yil 28 fevral kuni Eron shaharlarini bombardimon qilishga kirishar ekan, Tehron hukumati yadro quroliga ega bo‘lishga yaqin kelib qolganini iddao qilgan edi. Jumladan, Tramp urushning ilk kunida Eronga qarshi urushdan ko‘zlangan maqsad “Amerika xalqini yaqinlashib kelayotgan tahdidlardan himoya qilish” ekanini aytgan edi.
Keyinroq AQSh mulozimi urushdan ko‘zlangan maqsad Erondagi neft konlarini qo‘lga kiritish ekanini ochiq aytdi.
