Eron mojarosi 30 milliondan ortiq odamni qashshoqlikka yetaklaydi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) ma’lumotlariga ko‘ra, Eron atrofidagi mojaro global miqyosda jiddiy iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi va 160 mamlakatda 30 milliondan ortiq odamni qashshoqlikka tushirish xavfi mavjud.
BMTTD ma’muri Aleksandr De Kru AFP agentligiga bergan intervyusida qayd etishicha, o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, urush qisqa muddatda to‘xtatilgan taqdirda ham, dunyo bo‘yicha kamida 32 million kishi qashshoqlik darajasiga tushib qolishi mumkin.
“Biz olti haftalik urush asosida tadqiqot o‘tkazdik. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mojaro to‘xtatilsa ham 160 mamlakatda millionlab insonlar qashshoqlikka duch keladi”, — dedi De Kru.
BMTTD mutaxassislarining ta’kidlashicha, mojaro oqibatida yuzaga kelayotgan energetika inqirozi va narxlar o‘sishi ayniqsa Sahroi Kabirdan janubiy Afrika davlatlari, shuningdek, Osiyodagi Bangladesh, Kambodja kabi mamlakatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Dasturga ko‘ra, vaziyatning yanada yomonlashuvining oldini olish uchun kamida 6 milliard AQSh dollari miqdorida energiya va oziq-ovqat subsidiyalari ajratilishi zarur.
