Eron bilan urushda AQSh uchun kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelmoqdami?
Bloomberg agentligining yozishicha, dastlabki bosqichda amaliyot odatiy harbiy kampaniyaga o‘xshagan, ya’ni qanotli raketalar orqali tezkor va kuchli zarbalar berilgan. Biroq ikki haftadan keyin amerikalik harbiylar kutilmagan qiyinchiliklarga duch kela boshlagani aytilmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, nisbatan kichik harbiy byudjetga qaramay, Eron katta qurol-yarog‘ omboriga ega. Bu qurollar yillar davomida yig‘ilgan, mamlakat bo‘ylab tarqatilgan va yashirin holda saqlangan.
AQSh kuchlari Eron hujumlarini qaytarish uchun qimmat va kam ishlab chiqariladigan tutib oluvchi raketalardan faol foydalanishga majbur bo‘lgan. Xususan, Patriot PAC-3 tizimlari orqali raketa hujumlari qaytarilgan.
Tahlilchilar urushning dastlabki kunlaridayoq AQSh va uning ittifoqchilari mingdan ortiq shunday raketa sarflagan bo‘lishi mumkinligini bildirishgan. Bu esa ularning yillik ishlab chiqarish hajmidan ham ancha yuqori.
Shu bilan birga, Pentagon ma’lumotlarida AQSh tomonidan berilayotgan zarbalar intensivligi 80 foizdan ortiqqa kamaygani keltirilgan. Ammo Tehron Yaqin Sharqdagi harbiy ob’ektlar va energetika infratuzilmasiga har kuni hujumlar uyushtirishda davom etmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mojaro asta-sekin qurol-yarog‘ zaxiralari bo‘yicha raqobatga aylanmoqda. Tadqiqotchi Kelli Griko bu holatni AQSh bunday imkoniyatlarga ega raqibga qarshi birinchi marta urush olib borayotgani bilan izohlagan.
Shuningdek, Center for Strategic and International Studies tahlilchisi Mark Kansianga ko‘ra, bu mojaro amalda kimning o‘q-dori zaxirasi avval tugashini aniqlaydigan poygaga aylanib bormoqda.
