“Erim uch yil o‘tib, uy talashyapti”
— Turmush o‘rtog‘im bundan uch yil oldin bir ayolga ilakishib, u bilan xorijga ketib qolgandi. Bu orada bolalarga ham, uy-ro‘zg‘orga ham o‘zim bosh-qosh bo‘ldim. Uy to‘lovlarini ham o‘zim to‘ladim. Yaqinda erim qaytib kelib, «Hech nima bo‘lmagandek yashashga rozi bo‘lmasang, uydan o‘z ulishimni talab qilaman», deb shart qo‘ydi. U bilan yashashni istamayman. Uy nikoh davrida olingan. Uning mulkdagi ulushi qanday bo‘ladi? Uch yil oilada yashamagani hisobga olinadimi?
Ismi sir tutildi.
Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Zulfiya BERDIMURATOVA javob berdi:
— Oila kodeksining 23-moddasiga ko‘ra, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Ushbu kodeksning 27-moddasiga ko‘ra, er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish er va xotindan birining talabiga ko‘ra, ular nikohda bo‘lgan davrda ham, nikohdan ajralishgandan keyin ham, shuningdek kreditor er va xotindan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy mol-mulkni bo‘lish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
Mazkur kodeksning 28-moddasiga ko‘ra, er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda hamda ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, agar er va xotin o‘rtasidagi nikoh shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, er va xotinning ulushlari teng deb hisoblanadi.
Yuqoridagi qonun talablaridan kelib chiqib, sizga turmush o‘rtog‘ingizning mulkdagi ulushi teng hisoblananishini, shuningdek, turmush o‘rtog‘ingizning uch yil oilada yashamaganligi nikoh davomida orttirgan mulkdagi ulushiga ta’sir qilmasligini ma’lum qilaman.