Endi qiz o‘g‘rilari o‘n yilgacha qamaladi

Endi qiz o‘g‘rilari o‘n yilgacha qamaladi

Qirg‘izistonda qiz o‘g‘irlash uchun jazo choralarini yanada kuchaytirishdi. Endi qiz o‘g‘rilari 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi. Bu haqida Dunyo ayollar banki nohukumat huquqni himoya qilish tashkiloti yetakchisi Gulsan Abitova xabar berib o‘tgan.

Bundan tashqari qonunbuzarlar 200 ming som (uch ming dollardan ko‘proq) jarimaga ham tortiladi. Abitovaning ta’kidlashicha, garchi bunday odatga qarshi kurash choralari avval ham kuchaytirilgan bo‘lsa-da, oxirgi yillarda Qirg‘izistonda vaziyat u qadar o‘zgarmagan. Mamlakatda oila qurish maqsadida qizlarni o‘g‘rilab ketish odati hamon davom etyapti. Hatto shunday o‘g‘rilikdan so‘ng qizlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari ham uchragan.

Qirg‘izistonda ko‘p hollarda qiz o‘g‘rilash jinoyati sodir etilganini jabrlanuvchi tomon ma’lum etmaydi. Huquqshunoslarning ta’kidlashicha, mamlakatda har kuni 30 dan ortiq voyaga yetmagan qizlarni uylanish maqsadida o‘g‘rilash jinoyatlari sodir etiladi. Har beshta nikohning bittasi esa aynan shu yo‘l bilan amalga oshiriladi. Kelin bo‘lmishlarning uchdan ikki qismi o‘z xohishiga qarshi nikohga kirishadi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda oxirgi marta 2013 yilda qiz o‘g‘rilashga qarshi jazo choralari kuchaytirilgan edi. O‘shanda jinoyat uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi ko‘zda tutilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!