COVID-19 mavsumiy kasallikka aylanishi mumkin - Epidemiolog

COVID-19 mavsumiy kasallikka aylanishi mumkin - Epidemiolog

Koronavirus infeksiyasi kelgusi bir-ikki yil davomida mavsumiy kasallikka aylanishi mumkin. Bu haqda «Rospotrebnadzor» (Rossiya sog‘liqni saqlash sohasidagi nazorat bo‘yicha federal xizmati) markaziy epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinik va analitik ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Natalya Pshenichnaya ma’lum qildi, deb yozadi «RBK».

«COVID-19’da allaqachon mavsumiy infeksiyaga xos xususiyatlar paydo bo‘lishni boshlagan. Bunga 2020 yilning kuzida kasallanishning sezilarli darajada o‘sgani guvohlik berishi mumkin», — dedi Pshenichnaya.

Uning ta’kidlashicha, mavsumiy respirator infeksiyasining ko‘payishi odatda kuz va bahorda kuzatiladi, shuning uchun yilning ushbu davrida COVID-19 bilan kasallanish soni ham ko‘payishi mumkin.

Shu bilan birga, Pshenichnaya dunyo aholisining aksariyati COVID-19’ga qarshi emlanganidan keyin ham koronavirus infeksiyasining ko‘payishi bir necha yil davomida yuz berishi mumkinligini ta’kidladi.

«Mazkur infeksiyaning epidemik tarqalishi to‘xtaydi, ammo kasallikning qayta yuzaga kelishi va ko‘payishi bir necha yil davom etishi mumkin», — dedi epidemiolog.

Shuningdek, JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich ham COVID-19 virusi Yer sayyorasida abadiy qolishi mumkinligi, yuqori samarali vaksinaning borligi esa uni butunlay yo‘q qilish uchun kafolat bermasligini ta’kidlagan. COVID-19 mavsumiy kasallikka aylanadi, deb aytish uchun asoslar bormi, degan savolga javoban u bunday variant bo‘lishi mumkinligini, ammo uzil-kesil javob berish uchun bir nechta mavsum davomida kuzatuv olib borish kerakligini bildirdi.

Avvalroq «Rospotrebnadzor» koronavirus infeksiyasidan o‘lim sonining kamayishi va uning tarqalish potensialining oshishi virusning odamlarga moslashganidan dalolat berishi mumkinligini ta’kidlab, agar bu tendensiya davom etsa, COVID-19 mavsumiy kasallikka aylanishini ma’lum qilgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!