Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Ostonaga keldi

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Ostonaga keldi

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri Jeyms Kleverli Qozog‘istonga keldi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jeyms Kleverli Ostonaga ilk tashrifi chog‘ida Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko bilan uchrashgan. Uchrashuvda Qozog‘istonga energiya eksporti uchun muqobil yo‘llarni topishda yordam berish muhokama qilingan.

“Men Qozog‘iston nefti va gazi oqimidagi uzilishlarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldim. Biz Buyuk Britaniya O‘rta yo‘lak loyihasi (Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘nalishi)ni rivojlantirishga yordam berish uchun nima qilishi mumkinligi haqida gaplashdik. Qozog‘iston mahsulotlarini eksport qilish, xoh neft, xoh gaz, xoh nima bo‘lishidan qat’iy nazar, biz Qozog‘iston hukumati bilan iqtisodiy bazani himoya qilish va diversifikasiya qilish yo‘llarini o‘rganishni davom ettiramiz”, degan Kleverli qozog‘istonlik mavqedoshi bilan uchrashuvdan so‘ng uyushtirilgan brifingda.

Bundan tashqari, Jeyms Kleverli Buyuk Britaniya hukumati Ukrainadagi mojaroning Qozog‘istonga salbiy iqtisodiy ta’sirini kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini aytgan.

“Biz bilamizki, bu urush jahon mamlakatlari, jumladan, Qozog‘istonga ham narxlarning ko‘tarilishi va ta’minot zanjiri uzilishi bilan salbiy ta’sir qildi. Qozog‘istonning Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash va BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq urushni to‘xtatishga chaqirish borasidagi izchil va prinsipial pozisiyasidan mamnunman. Qozog‘iston ham sanksiyalarni hurmat qilishini va ularni chetlab o‘tish uchun bo‘shliqqa aylanmasligini ochiq aytdi. Biz bu boradagi ochiq muloqot uchun minnatdormiz. Biz Rossiyaning Ukrainadagi urushining Qozog‘istonga iqtisodiy ta’sirini minimallashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etamiz”, degan Britaniya tashqi ishlar vaziri.

Jeyms Kleverli Ostonaga safari davomida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Bosh vazir Alixan Smailov qabulida bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri biznes, fuqarolik jamiyati va oliy ta’lim muassasalari vakillari, “Bolashak” va Chevening dasturlari bitiruvchilari bilan ham uchrashadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!