Buxoroda firibgar bog‘cha mudirasiga hukm o‘qildi
2020 yil 14 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tuman sudi (raislik qiluvchi F.M.Ikramov) tomonidan sudlanuvchi Rahmatova Gulnora Abduraimovnaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan hukm o‘qildi.
Tafsilotlarga ko‘ra sudlanuvchi G.Rahmatova 2015 yil 11 fevral kunidan 2020 yil 21 fevral kuniga qadar Shofirkon tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 6-son maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi lavozimida ishlab kelib, mansabdor shaxs bo‘la turib, mansab mavqeini suiiste’mol qilib, 3 nafar MTT xodimlari B.Raxmonov, E.Primova, SH.Sa’dullayevlarga tegishli plastik kartochkalarni o‘ziga olib qolib, 2019 yil davomida va 2020 yil yanvar oyida ularning haqiqatda MTTda bajarmagan ishlari uchun oylik ish haqi tabellariga jami 10.573.121 so‘mlik ortiqcha ish haqlari hisoblab, ushbu plastik kartochkalar hisobiga ko‘chirib, undagi pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan, shuningdek, G.Rahmatova 2019 yil va 2020 yil yanvar oyida MTTda tarbiyalangan 6 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchilarni MTTda hujjatsiz tarbiyalanishlariga imkoniyat yaratib berib, ularning ota-onalaridan ota-onalar to‘lovi uchun jami 829.067 so‘mlik pul mablag‘larini qabul qilib olib, bank muassasasiga topshirmasdan o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborib, shuncha miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan, ushbu davrda mazkur tarbiyalanuvchilarga 4.762.067 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini sarflagan. Bundan tashqari, G.Rahmatova 2018 yil sentyabr-dekabr oylari, 2019 yil va 2020 yil yanvar oyida MTTda ishlayotgan 6 nafar ishchi-xodimlarning nomiga to‘ldirilgan oylik ish haqi tabellarida haqiqatda ishlagan ish vaqtlariga asossiz ravishda qo‘shimcha soatlar qo‘shib yozish yo‘li bilan mazkur xodimlar nomiga ochilgan to‘lov plastik kartochkalariga ortiqcha ish haqlari to‘lab berib, mazkur plastik kartochkalarni o‘zida saqlab, kartochkalardagi pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlariga sarflab, 6-son MTTning jami 24.849.943 so‘mlik pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatini sodir etgan.
Shunday qilib, MTT mudirasi G.Rahmatova o‘z faoliyati davomida jami 41.014.198 so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Sud, sudlanuvchi G.Rahmatovaga jazo turi va miqdorini tayinlashda uning harakatidagi jazoni og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi barcha holatlarni e’tiborga olib, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini huquqiy baholab, uning qilmishini jazoga sazovor va uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin degan to‘xtamga kelib, sudlanuvchi G.Rahmatovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 167-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jarima jazosi tayinlab, 41.014.198 so‘mlik byudjet mablag‘lari davlatga qaytarildi.
F. Ikramov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tuman sudi raisi