Bosh prokuratura: yoqilg‘i-energetika sohasida 46 mingdan ortiq noqonuniy holat fosh etildi

Kunlar sovishi bilan energiya resurslari bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi. Bu faqat resurslarning kamaygani bilan emas, balki sohadagi o‘g‘riliklar, resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari avj olishi bilan ham bog‘liq.
Prokuratura organlari yoqilg‘i – energetika sohasida amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolarni o‘rganib bormoqda.
Xususan, kuz-qish mavsumida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida qisqa muddatda prokuratura organlari aralashuvi natijasida 300 ga yaqin jiddiy muammo bartaraf etilgan.
Jumladan, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va issiqlik tarmoqlari barpo etildi. Gaz taqsimlash, transformator punktlari, suv nasoslari hamda qozonxonalar yangilandi. Ko‘p xonadonli uylar va ularning muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari ta’mirlandi.
Ko‘mir mahsulotlarini joylarga barqaror yetkazib berishni ta’minlash, ko‘mirni talon-toroj qilishning oldini olish borasida ham prokuratura organlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prokuror nazorati tadbirlari o‘laroq, davlat dasturlariga kiritilgan 12 ming 583 ob’ektning o‘z muddatida foydalanishga topshirilishi, 2,5 trillion so‘m mablag‘ tejalishi ta’minlangan.
Yoqilg‘i-energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan qariyb 157 mingta reyd tadbirlari davomida 46 mingdan ortiq noqonuniy holat fosh etildi. Buning natijasida 398 milliard so‘mlik zarar undirildi.
Masalan, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buloqboshi tumani bo‘limi tomonidan tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar U.D. va N.K. “B.” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi issiqxonani hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulagan. 321,5 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 482,3 million so‘m zarar yetkazilgan.
Departamentning Yangi Namangan tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro E.A. o‘ziga tegishli savdo do‘konida hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 311,8 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Departamentning Sho‘rchi tumani bo‘limi tomonidan elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “T.T.” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul shaxslari tosh maydalovchi uskunaning elektr hisoblagich tamg‘asini buzib, jami 122,3 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.