Bobo va Buvilar kunini bilasizmi?

Bobo va Buvilar kunini bilasizmi?

Yoshi ulug‘ kishilarni e’zozlash umuminsoniy qadriyat hisoblanadi. Har yili 21 yanvar kuni Polshada Buvilar bayrami o‘tkaziladi. Shu sana munosabati bilan buvilarga har qachongidan ko‘proq e’tibor qaratiladi.

An’anasiga ko‘ra, har bir nevara buvisiga gul, biror-bir sovg‘a va albatta, kichik bo‘lsa-da shirinlik olib boradi. Birgalikda kino, teatrga tushishadi, shahar kezib, sayohatbop manzillarga yo‘l olishadi. Keksa onaxonlar bu kunning mavjudligidan juda minnatdor, sababi necha hafta, oylab ko‘rolmagan nevara va qadrdonlarini ko‘rishga muyassar bo‘lishadi.

Ketma-ketlikni  qarang, bir kundan keyin Buvalar bayrami nishonlanadi. Polshalik yoshlar 22 yanvar kuni asosiy vaqtini buvalariga bag‘ishlaydi. Albatta, buvilari kabi buvalarga ham gul, sovg‘a va shirinlik tuhfa etiladi. Kun davomida keksalar bilan yoshlar birgalikda sayr qilishadi, to‘kin dasturxon atrofida suhbat davom etadi, shirin xotiralar yodga olinadi.

Buvilar va buvalar bayrami nafaqat Polshada, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ham nishonlanadi. Jumladan, Argentinada har yili 15 avgust sanasida buvi va buvalar bayrami bo‘lib o‘tadi. Kanadada esa bunday bayram 12 sentyabrda o‘tkaziladi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: yurtimizda nega bobo-buvilar kuni nishonlanmaydi? Nazarimizda, bizda bu bayramga zarurat yo‘q. Negaki, mentalitetimiz, qon-qonimizga singib ketgan qadriyatlarimizga muvofiq keksalarni e’zozlash har birimizning burchimiz hisoblanadi.

Shunday ekan, bobo-buvilar bir yilda bir marotaba nevaralarining yig‘ilishib kelishini kutishi  umuman tasavvurga sig‘maydi. Chunki bunday amallar bizda doimiy an’anaga aylangan qadriyatdir!

Irodabonu JABBOROVA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!