BMT Turizm bosh kotibi: O‘zbekiston turizm sohasida barqaror rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari surmoqda

BMT Turizm bosh kotibi: O‘zbekiston turizm sohasida barqaror rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari surmoqda

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan BMT Turizm bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan "2027 yil — Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili, deb e’lon qilish to‘g‘risida"gi rezolyusiya qabul qilingani munosabati taqdimot tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda BMT Turizm (Butunjahon turizm tashkiloti) bosh kotibi Zurab Pololikashvili, Ispaniya TIV xalqaro tashkilotlar bosh direktorining o‘rinbosari Xuan Eskudero, davlat kotibining turizm bo‘yicha o‘rinbosari Izabel Kastro Fernandes, shuningdek, Madridda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilganlarga O‘zbekistonning turizm salohiyati, sayyohlik sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Bosh kotib Zurab Pololikashvili tadbirining ochilish qismidagi nutqida O‘zbekiston hukumatiga ushbu rezolyusiyani ilgari surishdagi faol ishtiroki va hissasi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan tarixda ilk bor jahon miqyosida turizm sanoati yili nishonlanishi alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston turizm sohasining barqaror rivojlanishiga yo‘naltirilgan tashabbuslarni faol ilgari surgan holda, sayyohlik sohasida yuksak yetakchilikni namoyish etmoqda. O‘zbekistonning rezolyusiya targ‘ibotiga qo‘shayotgan hissasi jahon turizm hamjamiyati uchun muhim ahamiyatga ega, chunki mazkur hujjat o‘zgaruvchan dunyoda turizmning barqarorligi va yashovchanligini ta’minlash zarurligini ta’kidlaydi.

O‘zbekiston o‘z sa’y-harakatlari bilan nafaqat ushbu muhim tashabbusni ilgari suribgina qolmay, balki madaniy meros va turizmni boshqarishga zamonaviy yondashuvlar qanday uyg‘unlashishi mumkinligini ko‘rsatib, boshqa mamlakatlarga o‘rnak bo‘layotgani qayd etildi.

O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov o‘z chiqishida, 2019-2024 yillar davomida mamlakat turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha reytingda 16 pog‘onaga ko‘tarilib, 119 davlat orasida 78-o‘rinni egallaganini ma’lum qildi. Jahon iqtisodiy forumining Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksiga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston turizm jadal rivojlanayotgan davlatlar orasida birinchi o‘rinni egalladi.

Ta’kidlanganidek, turizm ko‘plab mamlakatlar iqtisodiyotining muhim elementiga aylanib borayotgan bugungi kunda uning atrof-muhitga, madaniy merosga va ijtimoiy jihatlarga ta’sirini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Shuning uchun barqarorlik turizmni rivojlantirishning asosiy tamoyiliga aylanishi zarur.

Taqdimot doirasida mehmonlarga 10-11 iyun kunlari Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Turizm Ijroiya kengashining 121-sessiyasida O‘zbekiston tomonining Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mita tuzish taklifi qabul qilingani haqida ham ma’lum qilindi. Ushbu kodeksning ishlab chiqilishi butun dunyo bo‘ylab xavfsiz turizmni ta’minlashning universal vositasini yaratishning kaliti ekanligi ta’kidlandi.

Anjuman yakunida O‘zbekiston elchisi barcha mamlakatlarni turizmning barqaror rivojlanishiga erishish uchun kuchlarni birlashtirishga, shuningdek, Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishda faol ishtirok etishga chaqirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!