Bilib qo‘ying! Bu ishingiz og‘ir gunoh...

Bilib qo‘ying! Bu ishingiz og‘ir gunoh...

Gunohi kabiralar (ulkan gunohlar) darajasiga ko‘ra bir necha xil bo‘ladi:

– E’tiqodga tegishli ulkan gunohlar;

– Nafs va amalga oid ulkan gunohlar;

– Mol-mulkka doir ulkan gunohlar;

– Ibodat borasidagi ulkan gunohlar;

– Oila va nasabga taalluqli ulkan gunohlar.

Oila va nasabga taalluqli ulkan gunohlardan bo‘lmish pokiza, mo‘mina ayollarga tuhmat qilish haqida dinimiz nima deydi?

Hozirgi kunda insonlar orasida va mo‘min-musulmonlar o‘rtasida bir-biriga nisbatan gina-adovat va nafrat paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotgan illatlardan biri – pokiza ayollarga tuhmat qilish. Shu sabab oilalar tinchligiga rahna solinmoqda, hatto buzilib ketish darajasigacha yetmoqda. Bunday noma’qul ishlarni qilgan, yani haromdan saqlangan, pokiza, hur ayolga kimda-kim «zinokor» yoki «fohisha» deb tuhmat qilsa, unga dunyoda xorlik va oxiratda ulkan azob bo‘ladi.

Alloh taolo aytadi:

إِنَّ الَّذِينَ يَرْمُونَ الْمُحْصَنَاتِ الْغَافِلَاتِ الْمُؤْمِنَاتِ لُعِنُوا فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ وَلَهُمْ عَذَابٌ عَظِيمٌ

يَوْمَ تَشْهَدُ عَلَيْهِمْ أَلْسِنَتُهُمْ وَأَيْدِيهِمْ وَأَرْجُلُهُمْ بِمَا كَانُوا يَعْمَلُون

«Albatta, (buzuq niyatlardan) bexabar, pokiza, mo‘mina ayollarni badnom qiladigan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham la’natga duchor bo‘ladilar. Ular uchun ulug‘ azob bordir. U Kun (qiyomat) da qilib o‘tgan (bo‘htonlari) sababli ularning tillari ham, qo‘lu oyoqlari ham o‘zlarining ziyonlariga guvohlik berur» (Nur surasi, 23–24-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ettita halok qiluvchi ishdan saqlaninglar», deb ular orasida: «(Buzuq niyatlardan) g‘ofil, pokiza, mo‘mina ayollarga tuhmat qilish»ni ham sanab o‘tganlar (Muttafaqun alayh).

Ko‘p insonlar behayo so‘zlarni aytishga odatlanib qolishgan. Holbuki, ular mana shu so‘zlari bilan dunyoda gunohkor, oxiratda azobga giriftor bo‘ladilar.

Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Banda o‘ylamasdan bir so‘zni aytadi-da, u sababli mashriq bilan mag‘rib orasidagi masofadan uzunroq masofaga do‘zaxga qulaydi» (Muttafaqun alayh).

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘min ta’na qiluvchi, la’nat aytuvchi, axloqsiz va behayo so‘zlovchi bo‘lmaydi» (Termiziy rivoyati).

Bunday illatlar, yani bir pokiza ayolni yoki erkakni nohaq zinoda ayblash, jamiyatimiz uchun juda katta ziyon keltiradi. Tuhmat qilinayotgan erkak va ayolning orqasida turgan qavm-qarindoshlarining sha’ni va oriyati toptaladi. Oqibatda, musulmonlar yashayotgan jamiyatda birinchi navbatda musulmonlarga ishonchsizlik paydo bo‘ladi.

Boshqa bir hadisi sharifda: «Kimki Alloh va oxirat kuniga ishonar ekan, unda yaxshi gap gapirsin yoki sukut saqlasin», deyilgan (Muttafaqun alayh).

Alloh taolo lutf-marhamati ila barchamizni tillarimizning yomonligidan saqlasin. Albatta, u sahovatli, marhamatli Zotdir.

Zaynilobiddinxon QUDRATOV

Piskent tumani bosh imom-xatibi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!