Basseyndagi yarim-yalang‘och qizlar: behayo sahnalari bor o‘zbek filmi rejissyori ogohlantirildi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 dekabrdagi 1012-son qarori bilan tasdiqlangan “Filmning ommaviy namoyishini amalga oshirish uchun bir martalik ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga binoan, vakolatli organ – “O‘zbekkino” Milliy agentligi tizimidagi “Respublika kinoprokat markazi” davlat unitar korxonasi huzurida Ekspertlar kengashi tashkil etilgan bo‘lib, u ruxsatnoma olish uchun ariza beruvchi tomonidan vakolatli organga taqdim etilgan material va hujjatlarning Nizomda belgilangan talab va shartlarga muvofiqligi yuzasidan xulosa tayyorlaydi.
Kengash tavsiyasiga binoan vakolatli organ tomonidan ommaviy namoyish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirib berilgan va “Youtube” kanaliga joylashtirilgan “Shoqol” (“Ko’zgu-Film” MCHJ) filmi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fikr-mulohazalar paydo bo‘ldi. “O‘zbekkino” Milliy agentligi axborot xizmati shu masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Vakolatli organga ariza beruvchi “Ko’zgu-Film” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Shoqol” badiiy filmi namoyishi uchun bir martalik ruxsatnoma berishni so‘rab kiritilgan hujjat va materiallar “Respublika kinoprokat markazi” DUK huzuridagi Ekspertlar kengashi tomonidan 2019 yil 30 oktyabr kuni ko‘rib chiqilgan.
Ko‘rib chiqish davomida mualliflarga filmda yo‘l qo‘yilgan bir qator kamchiliklar, ayrim epizodlarda yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlar, jumladan, basseynda qizlarning osiq-sochiq kiyingani, yigitlarning noma’qul shaklda o‘zini tutishi, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, film qahramonlaridan biri uyida bazm o‘tkazish jarayonida ayrim ayollarning ochiq kiyimlar kiyib turishi va o‘zini yengiltaklik bilan tutishi kabi epizodlar filmning badiiy-g‘oyaviy konsepsiyasini ochib berishga xizmat qilmasligi va uning saviyasini tushirib yuborayotganligi ta’kidlangan.
Yig‘ilishda ishtirok etgan film rejissyori Zebo Navro‘zova barcha bildirilgan fikr va mulohazalarga qo‘shildi va filmni qayta ishlab kelishga va’da berdi. Filmning qayta ishlangan varianti Agentlikka 2019 yil 9 noyabrda 5/11-sonli xat bilan kiritildi. Filmning dastlabki varianti 100 daqiqa bo‘lgan bo‘lsa, qayta ishlangan varianti 92 daqiqani tashkil etdi. Filmning ikkinchi variantida Kengash a’zolari tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan barcha behayo epizodlar kesib tashlangan edi.
Shundan so‘ng, Kengash tomonidan “Shoqol” filmiga ruxsatnoma berish tavsiya etilgani haqidagi hujjatlar rasmiylashtirilib, vakolatli organga qaror qabul qilish uchun o‘rnatilgan tartibda kiritildi. Agentlikning 2019 yil 21 noyabrdagi 275a-sonli buyrug‘iga binoan davomiyligi 92 daqiqa bo‘lgan filmga ruxsatnoma rasmiylashtirildi va murojaatchiga topshirilgan.
Bizga kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, rejissyor Zebo Navro‘zova “Ko’zgu-Film” MCHJ direktori Q.Fayzullayevni xabardor qilmagan holda “Shoqol” filmining qayta ishlanmagan 100 daqiqalik variantini “Youtube” kanaliga joylashtirgan va bu holat jamoatchilik o‘rtasida bir qadar salbiy fikrlarni keltirib chiqargan.
Film rejissyori Z.Navruzova vakolatli organ va “Ko’zgu-Film” MCHJ rahbari Q.Fayzullayev tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish haqida ogohlantirildi va qisqa muddatda filmning 100 daqiqalik variantini “Youtube” kanalidan olib tashlab, ruxsatnoma berilgan 92 daqiqalik variantni qo‘yish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan.
