Asosiy stavka nima uchun o‘zgarmadi?

Asosiy stavka nima uchun o‘zgarmadi?

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 26 oktyabrga belgilangan.

2023 yil 14 sentyabrda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ma’lum qilinishicha, iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlar biroz sekinlashishiga qaramasdan, ayrim mahsulot guruhlari narxlariga oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda. Joriy yilning avgust oyida inflyasion kutilmalarning ham o‘sishi kuzatilgan.

Elektr va gaz tariflarini aholi uchun o‘zgarishsiz qoldirilayotganligi hisobiga inflyasiyaga ushbu guruhdan birlamchi ta’sirlar mavjud bo‘lmasligi aytiladi. Biznes sub’ektlari uchun tariflar oshirilishining ikkilamchi ta’sirlari inflyasiyaning prognoz ko‘rsatkichlarida inobatga olingan doirada bo‘lishi kutilmoqda.

Yoz oylari boshidagi ma’lum pasayishdan so‘ng avgust oyida yillik inflyasiya 9 foizga teng bo‘ldi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhlarida inflyasiyaning deyarli o‘zgarmaganligi sharoitida xizmatlar sohasida narxlar o‘sishining 8,2 foizdan 8,5 foizgacha tezlashishi inflyasiya oshishining omillaridan bo‘lgan.

Bazaviy inflyasiya kutilganidan ko‘ra sekinroq sur’atda pasayib, yillik 10,7 foizni tashkil etgan. Ayni paytda, bazaviy inflyasiyaning pasayuvchi tendensiyasi barqaror tus olmoqda.

Aholining kelgusi 12 oy uchun inflyasion kutilmalari trend yo‘nalishini o‘zgartirib, 14,2 foizgacha ortdi. Tadbirkorlik sub’ektlarining kutilmalarida ham o‘xshash tendensiya kuzatilib, 14,4 foizga teng bo‘ldi. Respondentlar tomonidan kutilmalar o‘sishining asosiy omillari sifatida valyuta kursi o‘zgarishi, yoqilg‘i va energiya narxlarining oshishi kabi omillar ta’kidlangan.

Global inflyasiya, asosan, energiya resurslari va xomashyolar narxlarining barqarorlashuvi ta’sirida sekinlashmoqda. Shu bilan birga, ko‘plab mamlakatlarda bazaviy inflyasiya sezilarli darajada yuqori va barqaror bo‘lib qolmoqda. Mehnat bozoridagi qat’iylik ish haqlari oshishiga sabab bo‘lib, xizmatlar sohasida doimiy inflyasion bosimni yuzaga keltirmoqda.

So‘m almashuv kursining avgust oyidagi to‘g‘rilanishi real samarali almashuv kursida ham aks etib, uzoq muddatli trendiga qarab og‘a boshladi. Yil oxirigacha ushbu dinamikani keskin o‘zgartiruvchi omillar kutilmayotgani aytilgan.

Naqd pul tushumlarining umumiy hajmi yanvar-avgust oylarida 30,4 foizga, savdo va pullik xizmatlardan tushumlar 27,7 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi, 2021 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan sezilarli o‘sishni saqlagan holda, yuqori baza effekti hisobiga teskari tendensiyani namoyon etib, o‘tgan yilga nisbatan 32,4 foizga pasaygan.

Markaziy bank asosiy stavkasining o‘zgarishsiz qolishi va uning pul bozoriga transmissiyasi, qisqa muddatli likvidlik narxining real hisobda 3-4 foizlik ijobiy darajada shakllanishiga va shu orqali “nisbatan qat’iy” pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda, deyiladi MB xabarida.

Joriy ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda yil yakuniga qadar inflyasiya darajasi 8,5-9,5 foizlik prognoz koridori doirasida bo‘lishi kutilmoqda.

Bildirilishicha, asosiy stavkaning joriy darajada o‘zgarishsiz qoldirilishi, inflyasiyaning yil yakuniga qadar prognoz doirasida shakllanishi uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratib boradi va narxlarga monetar omillarning ta’sirini oldini olish uchun zaruriy chora hisoblanadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 26 oktyabrga belgilangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!