Argentina guruhdan chiqa oladimi? Barcha variantlar

Argentina guruhdan chiqa oladimi? Barcha variantlar

Argentina terma jamoasi JCH-2018 guruh bosqichining 2-turi doirasida Xorvatiyaga yirik hisobda yutqazib qo‘yganidan keyin pley-offga chiqish imkoniyatini pasaytirib yubordi. Argentinaliklar 2ta turdan so‘ng 1 ochko bilan guruhda 3-o‘rinni egallab turishibdi. Xorvatiya esa nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘ldi. Qolgan bitta yo‘llanma uchun 3ta terma jamoa da’vogarlik qilmoqda.

Messi jamoadoshlarining taqdiri ertaga bo‘lib o‘tadigan Nigeriya - Islandiya o‘yiniga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Variantlarni ko‘rib chiqamiz.

1) Islandiya Nigeriyani mag‘lub etsa:

Bu holda islandiyaliklarning ochkosi 4taga yetadi va Argentinaning imkoniyati keskin pasayib ketadi. Sampaoli shogirdlari so‘nggi turda Nigeriyani mag‘lub etishdan tashqari, parallel kechadigan o‘yinda Islandiyaning Xorvatiyaga yutqazishini kutishga majbur. Ushbu natijalar qayd etilsa, Argentina va Islandiyaning ochkolari tenglashadi. Bunday holatda to‘plar nisbatiga qaraladi. Shu bois, janubiy amerikaliklar so‘nggi turda yirik hisobda g‘alaba qozonishlari talab etiladi. To‘plar nisbati bir xil bo‘lib qolsa, feyr-pley qoidasi orqali pley-offga chiqadigan jamoa nomi aniqlanadi. Argentinada esa sariq kartochkalar yetarli.

2) Nigeriya Islandiyani mag‘lub etsa:

Mana shu variant Argentina uchun qulayroq. Boisi, Messi jamoadoshlari so‘nggi turda Nigeriyani mag‘lub etib, 2-o‘rinni egallashlari mumkin. Albatta, Islandiya ham 3-turda Xorvatiyani mag‘lubiyatga uchratib, o‘z ochkolarini 4taga yetkazishi mumkin. Bunday holatda ham yuqoridagi to‘plar farqi va feyr-pley qoidasiga ishga tushadi. 

3) Nigeriya Islandiya bilan durang o‘ynasa:

Bunday holatda islandlarning ochkosi 2taga yetadi. Argentina so‘nggi turda Nigeriyani mag‘lub etishi va Islandiyaning Xorvatiyaga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotishini kutishga majbur. 

Har uchala variantda ham ko‘p narsa xorvatlarga bog‘liq bo‘lib qoladi. So‘nggi turda Modrich va Rakitich jamoadoshlari Islandiyani mag‘lub etib berishsa (iloji bo‘lsa yirik hisobda), Argentinada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati oshadi. Shunda ham Sampaoli shogirdlari 3-turda Nigeriyani mag‘lub etishlari shart ekanini unutmaslik lozim.

Manba: stadion.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!