AQShda kuchli qor bo‘roni natijasida milliondan ortiq uy elektrsiz qoldi, minglab reyslar bekor qilindi
AQShda kuchli qor bo‘roni natijasida milliondan ortiq uy elektrsiz qoldi, minglab reyslar bekor qilindi — Deutsche Welle.
Qo‘shma Shtatlarning katta hududlariga keng ko‘lamli qishki bo‘ron yopirilib, muzli yomg‘ir, ho‘l qor va kuchli sovuq sababli transport qatnovi izdan chiqdi.
AQSh Milliy ob-havo xizmati (NWS) ma’lumotiga ko‘ra, xavfli ob-havo sharoitlari kamida 26 yanvargacha davom etadi.
Daraxtlar va elektr uzatish tarmoqlarining muzlashi oqibatida mamlakatning janubi-sharqiy shtatlarida bir millionga yaqin uy-joy va korxona elektr ta’minotisiz qoldi. Eng ko‘p uzilishlar Tennessi, Luiziana, Missisipi va boshqa shtatlarda qayd etilgan. Rasmiylarga ko‘ra, elektr energiyasini to‘liq tiklash bir necha hafta vaqt olishi mumkin.
Sinoptiklar kuchli qor yog‘ishi va “katastrofik darajadagi muzlash” xavfi haqida ogohlantirmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp o‘nlab shtatlarda favqulodda holat rejimini joriy etishni ma’qulladi. Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning bildirishicha, xavf zonalariga oldindan maxsus texnika, mutaxassislar va qidiruv-qutqaruv guruhlari yuborilgan.
Bo‘ron aviasiya qatnoviga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. FlightAware xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni qariyb 11 mingta reys bekor qilingan, 14 mingdan ortiq reys kechiktirilgan. Eng murakkab vaziyat Filadelfiya, Vashington, Nyu-York va Nyu-Jersi aeroportlarida kuzatilmoqda.
Shuningdek, ekstremal sovuq sabab Luiziana va Nyu-York shtatlarida sovuq urishi bilan bog‘liq o‘lim holatlari qayd etilgani ma’lum qilindi. Rasmiylar aholiga zarur bo‘lmagan safarlardan voz kechish va xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni tavsiya qilmoqda.
