AQSh shunchaki chiqib keta oladimi?
AQSh Prezidenti Donald Tramp mamlakatning NATO'dan chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini tasdiqladi — Reuters.
"Albatta. Busiz iloji yo‘q. Siz mening o‘rnimda bo‘lganingizda buni ko‘rib chiqmagan bo‘larmidingiz?" — dedi Tramp agentlikka bergan intervyusida.
Sky News telekanali Donald Tramp haqiqatan ham Qo‘shma Shtatlarni alyansdan chiqarib yuborishi mumkinmi, degan masalani tahlil qildi. Shimoliy Atlantika shartnomasining 13-moddasiga ko‘ra, tashkilotdan chiqmoqchi bo‘lgan har qanday davlat tegishli xabarnoma topshirganidan bir yil o‘tib buni amalga oshirishi mumkin. Ushbu hujjat AQSh hukumatiga taqdim etilishi kerak, shu bois Vashingtonning o‘zi blokni tark etmoqchi bo‘lsa, jarayon qanday kechishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.
AQSh qonunchiligiga ko‘ra, 2024 yilgi hujjat davlat rahbariga Kongress roziligisiz xalqaro ittifoqdan chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilishga ruxsat bermaydi. Buning uchun Senatning uchdan ikki qismi ovozi yoki maxsus akt zarur. Qizig‘i shundaki, mazkur qonun hammuallifi amaldagi Davlat kotibi Marko Rubio hisoblanadi. Biroq hozirda u alyansga tanqidiy yondashmoqda va agar amerikaliklar Yevropa bazalaridan foydalana olmasa yoki Eronga qarshi operasiyada ittifoqchilar qo‘lloviga ega bo‘lmasa, a’zolikdan mantiq yo‘q, deb hisoblaydi.
"AQSh shunchaki chiqib keta oladimi? Qisqa javob: biz buni aniq bilmaymiz. Ammo yuridik ekspertlar prezident tashqi siyosatdagi vakolatlariga tayanib, mavjud cheklovlarni chetlab o‘tishga urinishi mumkinligidan ogohlantirmoqda", — deb yozadi telekanal.
Ma’lumot uchun, 1949 yildan beri biror mamlakat NATO'ni tark etmagan. Faqat 1966–2009 yillarda Fransiya harbiy tuzilmalarda qatnashmagan, biroq siyosiy a’zo bo‘lib qolgan edi.
