"Bu yolg‘on. Men uning gaplarini eshitdim va..."
AQSh Davlat kotibi Zelenskiyning "hududlar evaziga xavfsizlik kafolatlari" haqidagi gaplarini yolg‘on deb atadi.
Marko Rubio Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning "Amerika xavfsizlik kafolatlarini berishdan oldin Kiyevdan o‘z hududlarini Rossiyaga topshirishni talab qilmoqda" degan bayonotini inkor etdi.
Bu haqda jahon axborot agentliklari xabar bermoqda.
"Bu yolg‘on. Men uning gaplarini eshitdim va bunday fikrda ekanligidan afsusdaman, chunki u bu gaplar haqiqat emasligini biladi", — deya Marko Rubioning bayonotidan iqtibos keltirmoqda AFP agentligi.
Ushbu bayonot Parijda bo‘lib o‘tgan "G7" davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidan so‘ng ommaga olib chiqildi.
"Ukraina uchun mo‘ljallangan Amerika qurollari hozircha Yaqin Sharqqa, Eron bilan bo‘layotgan urushga yo‘naltirilmayapti, biroq kelajakda bunday ehtimol mavjud", – dedi Rubio.
Eslatib o‘tamiz, Zelenskiy shu hafta Reuters agentligiga bergan intervyusida Tramp ma’muriyati Ukrainadan Donbassning qolgan qismidan qo‘shinlarini olib chiqishni talab qilayotganini va shundagina Qo‘shma Shtatlardan xavfsizlik kafolatlarini olishi mumkinligini aytgan edi.
Zelenskiyning fikricha, ushbu qadam ham ma’naviy jihatdan noto‘g‘ri, ham xavfli bo‘lib, nafaqat Ukrainaga, balki Trampning obro‘siga ham zarar yetkazadi.
