Allohning g‘azabiga uchragan maxluq

Inson uchun baxtli hayot manbaini izlashdan oldin o‘sha inson degan zotning asli, haqiqati, maqomi, mas’uliyati va boshqa unga oid tushunchalar haqida bir to‘xtamga kelib olish kerak bo‘ladi.
Ba’zi bir «ilmiy» nazariyalarda, inson – mehnat natijasida rivojlanib qolgan maymun, deyiladi.
Shuningdek, inson gunoh qilib qo‘yib, Allohning g‘azabiga uchragan maxluq. U bu dunyoda faqat o‘sha gunohini yuvish uchungina yuribdi, u o‘zini qancha ko‘proq qiynasa, tarki dunyo qilsa, shunchalik o‘ziga yaxshi bo‘ladi, deganlar ham bor.
Islom aqiydasiga ko‘ra esa inson Alloh O‘z qo‘li bilan yaratgan, O‘z ruhidan jon puflagan, maxluqotlarning afzali va mukarrami etgan, yer yuzida O‘zining o‘rinbosari qilib qo‘ygan oliyjanob bir zotdir.
Alloh taolo insonni O‘z qo‘li bilan yaratgani haqida xabar berib, Qur’oni Karimning Sod surasida quyidagilarni aytadi:
ﯜ ﯝ ﯞ ﯟ ﯠ ﯡ ﯢ ﯣ ﯤﯥ ﯦ ﯧ ﯨ ﯩ ﯪ ﯫ
«Ey iblis, O‘z qo‘lim bilan yaratgan narsaga sajda qilishingdan seni nima man qildi? Mutakabbirlik qildingmi?! Yoki oliy darajalilardan bo‘ldingmi?!» dedi» (75-oyat).
Ha, Alloh taolo insonni O‘z qo‘li bilan yaratgandir. Uni ulug‘lab farishtalarni unga sajda qilishga amr qilgandir. Insonga sajda qilmagan iblisni itob qilib, O‘z dargohidan quvgandir.
Alloh taolo Sajda surasida insonning yaratilishi haqida xabar berib aytadi:
ﯚ ﯛ ﯜ ﯝ ﯞ ﯟ
«So‘ngra uni rostladi va uning ichiga O‘z ruhidan pufladi» (9-oyat).
Ya’ni Alloh taolo uning ichiga O‘z ruhidan jon pufladi. Inson uchun bundan ulug‘ sharaf bo‘lishi mumkin emas.
Ha, insonning yaratilishini, shakli shamoilini Alloh taoloning O‘zi to‘g‘rilagandir va unga jonni O‘z ruhidan puflagandir.
Alloh taolo insonni yaratishidan ko‘zlagan maqsadi haqida farishtalarga qilgan xitobini Baqara surasida quyidagicha bayon qiladi:
ﭑ ﭒﭓﭔ ﭕ ﭖ ﭗ ﭘ ﭙ
«Esla, vaqtiki Robbing farishtalarga: «Albatta, Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman», – dedi» (30-oyat).
Ushbu oyatdan Alloh taolo Odamning O‘zining yer yuzidagi o‘rinbosari – xalifasi bo‘lishini iroda etgani ma’lum bo‘lyapti. Demak, insonga ulkan ishonch bildirilgan, u ulug‘ Allohning xalifasi bo‘lishdek oliy maqomga loyiq ko‘rilgan. Bunday marhamatning o‘ziga yarasha buyuk mas’uliyati ham bo‘ladi. Inson shuni anglagan holda, uni xalifa qilib qo‘ygan Zotning topshiriqlarini bajarmog‘i, yaratgan Zot unga munosib ko‘rgan oliy maqomga dog‘ tushirmaslikka harakat qilmog‘i kerak.
Inson Alloh taolo tomonidan yaratilgan mavjudotlarning gultojidir. Dunyodagi qolgan barcha narsalarni Alloh taolo inson foydasi uchun yaratgandir.
Qur’oni Karim bu haqda ham ochiq-oydin bayonot beradi. Alloh taolo Josiya surasida quyidagilarni aytadi:
ﰄ ﰅ ﰆ ﰇ ﰈ ﰉ ﰊ ﰋ ﰌ ﰍﰎ ﰏ ﰐ ﰑ ﰒ ﰓ ﰔ ﰕ
«Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni – hammasini O‘z tomonidan bo‘ysundirib qo‘ydi. Albatta, ana shunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat(belgi)lar bordir» (13-oyat).
Demak, osmonlardagi va yerdagi hamma narsa Alloh tomonidan inson foydasi uchun bo‘ysundirib qo‘yilgan.
Faqat aql ishlatish, tafakkur qilish orqaligina borliqdagi barcha narsalarning inson uchun bo‘ysundirilgani anglab yetiladi va inson ulardan foyda oladi. Aql yuritish o‘z navbatida borliqdagi barcha mavjudot va ashyolarni insonga bo‘ysundirib bergan Zotga iymon keltirib, ibodat qilishga olib keladi. Iymonsiz, quruq ilm esa foyda emas, zarar keltiradi.
Manba: islom.uz