Alisher Usmonov nemis gazetasiga qarshi da’voni yutib chiqdi
Nashr Usmonov o‘z boyligini “Kreml manfaatlari yo‘lida ishlatgani” va “O‘zbekistonda Rossiya hukumatining norasmiy vakili bo‘lgani” haqida yozgandi.
Rossiyalik milliarder Germaniyaning Frankfurter Allgemeine Zeitung (FAZ) gazetasi ustidan tuhmat bo‘yicha ochilgan ishda Gamburg sudida yutib chiqdi. Sudyalar Usmonovning “Kommersant” gazetasi tahrir siyosatiga aralashgani haqidagi da’volarni, shuningdek, Aleksey Navalniy surishtiruvlarida keltirilgan va Usmonov ilgari Rossiya sudlarida shikoyat qilgan tezislarni yolg‘on deb topdi. Bu haqda “RBK” tadbirkorning matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Xususan, FAZ'ning maqolasidagi Usmonov o‘z boyligini “Kreml manfaatlari yo‘lida yoki uning topshirig‘i bilan ishlatgani”, “Rossiya hukumatining manfaatlarini O‘zbekistonda norasmiy tarzda ifodalagani” hamda “2006 yilda Kommersant gazetasini sotib olganidan so‘ng uning tahrir siyosatiga aralashgani” haqidagi da’volar yolg‘on deb topildi.
Sud qaroriga ko‘ra, nashrga milliarder haqidagi “yolg‘on bayonotlarni” tarqatish taqiqlandi. Da’vo uchun asos bo‘lgan material FAZ tomonidan 2023 yil aprel oyida chop etilgan “Kreml topshirig‘i bilan” (Im Auftrag des Kremles) sarlavhali maqola bo‘lgan. Aynan shu maqoladagi bayonotlarni Usmonovning advokatlari tuhmat sifatida baholagan.
Mazkur materialda, shuningdek, Aleksey Navalniyning avvalroq e’lon qilingan surishtiruvlaridagi tezislar ham qayta bayon qilingan edi. Ulardan birida Usmonov Dmitriy Medvedev bilan bog‘liq tuzilmalarga ko‘chmas mulk hadya qilgani, buni evaziga Medvedev “Gazprom” orqali Usmonovning biznesini “himoyalab kelgani” aytilgan. Ikkinchi tezisda esa milliarder 2000 yillarning boshida “Gazprom Investxolding” aktivlarini o‘ziga qarashli kompaniya orqali sotib olib, “davlat mulkini o‘ziga sotgan”i ta’kidlangan.
Bu da’volar 2017 yilda Usmonovning Moskvaning Lyublino tuman sudiga da’vo kiritishiga sabab bo‘lgan edi. O‘shanda sud Usmonov foydasiga qaror chiqarib, Navalniyning “Korrupsiyaga qarshi kurash fondi”ni (FBK) milliarder haqidagi bayonotlarni rad etishga va surishtiruv materiallarini o‘chirishga majbur qilgandi.
