Abonent roziligisiz dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni pulli qilishga yo‘l qo‘yilmaydi
Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Telekommunikasiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini yangi tahririni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Ushbu hujjatda telekommunikasiyalar xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolarga qulayliklar yaratishga qaratilgan quyidagi bir qator yangiliklar belgilandi.
Jumladan, mobil aloqa abonentlari shaxsiy hisobida mablag‘ xizmat ko‘rsatishni davom ettirish uchun yetarli bo‘lmaganda mobil aloqa operatori va abonent o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish (mavjud bo‘magan raqam holatiga o‘tkazish) muddati 2 oydan 1 yilga uzaytiriladi.
Abonentlar amaldagi tarif rejasini istalgan boshqa tarif rejasi bilan bepul almashtirishi mumkin bo‘ladi (bundan muayyan guruh yoki ma’lum cheklangan hudud uchun ishlab chiqilgan alohida tarif rejalariga o‘tish mustasno).
Amaldagi tariflar shartlari o‘zgarganda, abonentlar bu haqda kamida 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-sayt yoki SMS xabarnomalar orqali majburiy tartibda xabardor qilinadi.
Aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, xizmat ko‘rsatish punktiga kelish imkoniyati bo‘lmagan fuqarolar uchun yashash joyiga borish, olis va yetib borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida sayyor mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Qoidalarga ko‘ra, abonent – jismoniy shaxsdan tarif rejasi bo‘yicha abonent to‘lovi va xizmat uchun mablag‘ yechishda hisobni salbiy holatga (qarzdorlik holatiga) keltirish taqiqlanadi.
Abonentlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasining ishonch telefonlariga kecha-kunduz bepul qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligi belgilandi.
Mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini ko‘chirish endilikda xizmat ko‘rsatish punktlarida 8 ish soatida emas, balki 20 daqiqa ichida amalga oshiriladi.
Mobil aloqa abonentlariga pullik qo‘shimcha xizmatlarga obuna bo‘lish bo‘yicha kontent xizmatlari ko‘rsatishning quyidagi yangi tartibi belgilandi:
- xizmatlarni aktivasiya qilish operatorlarning mobil ilovalari yoki USSD kodlar orqali amalga oshiriladi;
- abonentlarning rozilik tasdig‘ini olmasdan xizmatlarni avtomatik ulashga yoki dastlab bepul bo‘lgan xizmatlarni pullik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- kontent provayderlari tomonidan abonentlarga taqdim etiladigan barcha pullik xizmatlar dastlab nofaol holatda bo‘lishi kerak.
Mazkur hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oydan keyin kuchga kiradi.
