Rossiyalik propagandachi: "Ular Rossiya barchamizdan qarzdor degan fikrda..."
Rossiyalik propagandachi Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari "o‘z xatti-harakatlari haqida o‘ylab ko‘rishi va "o‘z o‘rnini bilishi" kerakligini aytdi
“Rossiya 1” telekanalida propagandachi Vladimir Solovyov boshlovchiligidagi “Vecher s Vladimirom Solovyovim” ko‘rsatuvi efirida mehmon bo‘lgan politolog Sergey Mixeev mintaqa davlatlari tashqi siyosatini tanqid qilib, ularning teng huquqli sheriklik huquqini rad etdi.
"Ular Rossiya barchamizdan qarzdor degan fikrda, aslida Rossiya hech kimdan qarzdor emas. Ha, bu postsovet mamlakatlariga doimo bizni turli loyihalar bilan shantaj qilishga imkon beradi...
Biz shusiz ham ularning ko‘plab muammolarini hal qilib beryapmiz. Bu mehnat migrasiyasiga ham, biz ko‘rsatayotgan yordamga ham va boshqa ko‘plab narsalarga ham taalluqli. Ammo doim biz qarzdordekmiz. Menimcha, xafa bo‘lmanglar, ammo bunday ohang hozir Ukraina bilan sodir bo‘layotgan voqealarning sabablaridan biriga aylangandi", – dedi Mixeev.
Boshlovchi Vladimir Solovyov gapga aralashib, bu fikrni qat’iyroq shaklda bildirgani, “asabi chatoqlar” esa Rossiya elchisini chaqirtirishganini aytdi.
"Vladimir, bilasizmi, ular nima uchun bunday qiziqqon? Chunki ular men haqligimni bilishadi.
Bu birinchi sabab. Ikkinchi sabab ham bor – biz ularni erkalatib yuborganmiz. Biz ularni erkalatib yubordik. Ular o‘z o‘rnini bilishi kerak... Yana bir bor takrorlayman: biz shundoq ham ularning ko‘plab muammolarini hal qilib berganmiz", — dedi Mixeev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Rus dunyosi” mafkurasining asoschilaridan biri hamda kremlparast propagandachi Aleksandr Dugin Sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonning ham mustaqilligini qabul qilib bo‘lmasligi haqida gapirgandi.
Bundan tashqari, 10 yanvar kuni rossiyalik teleboshlovchi, Kremlga yaqin yana bir propagandachi Vladimir Solovyov o‘zining jonli efirida Ukraina hududiga uyushtirilgan “maxsus harbiy amaliyot”ni “Rossiya ta’sir doirasidagi boshqa hududlarda” ham, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari va Armanistonda o‘tkazish zarurligini aytgandi.
