Saida Mirziyoyeva: Bu fojia nafaqat O‘zbekistonga, balki barcha postsovet mamlakatlariga xosdir"
Boshlovchining: «Odamlar o‘ziga zarar berayotganini tushunib yetishi uchun nega davlat xuddi „bolg‘a“ kabi tepasida turishi kerak?» degan savoliga javoban, Saida Mirziyoyeva asl o‘zgarishlar sekin-asta, vaqt o‘tishi bilan ro‘y berishini aytdi.
«Bu ta’lim orqali keladi. Bu vaqt bilan keladi. Bu — tarbiya. Bu odamlarning dunyoqarashi, mas’uliyati bilan bog‘liq», — dedi u va qo‘shimcha qildi: «Biz buni faqat bolalar ta’limi orqali singdira olamiz». Shu bilan birga «bugun qilishimiz mumkin bo‘lgan ishlarni biz, albatta, qilamiz».
Ta’lim tizimiga bo‘lgan tanqidlarga, jumladan, bitiruvchilarda tashabbuskorlik va liderlik fikrlashi yo‘qligiga izoh berarkan, Saida Mirziyoyeva buni sovet davri merosi bilan bog‘ladi. «Kollektivlik muhim bo‘lgan shunday mafkura bor edi. Liderlar, aslida, kerak emasdi», — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo va fojia nafaqat O‘zbekistonga, balki barcha postsovet mamlakatlariga xosdir.
U ta’lim inqirozi global masala ekanini qo‘shimcha qildi: «Mening 20 yoshli o‘g‘lim dunyoda ta’limni isloh qilish kerakligidan, u rivojlanishdan orqada qolayotganidan va bugungi kun talablariga javob bermayotganidan har kuni noliydi».
O‘zgarishlar sur’ati doimiy ravishda o‘z ustida ishlashni talab qiladi, deb hisoblaydi u. «Hozir taraqqiyotdan ortda qolmaslik uchun tinimsiz o‘qib-o‘rganishimiz kerak. Taraqqiyot shiddat bilan ketmoqda… Meni ta’limning rivojlanishi emas, balki degradasiyaga uchrayotgani tashvishga soladi. Dunyoda shuncha degradasiya».
Saida Mirziyoyeva fuqarolar shaxsiy muammolarini davlat hal qilib berishini kutishi noto‘g‘ri yondashuv ekanini tasdiqladi: «Bunday bo‘lmasligi kerak». Muvaffaqiyat shaxsiy mas’uliyat bilan bevosita bog‘liq, dedi u.
«Mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan odamlar, albatta, muvaffaqiyatga erishadi. Agar mas’uliyatni bo‘yningizga olib, o‘z kelajagingiz va farzandlaringiz kelajagi yukini ko‘tarsangiz, menimcha, sizda muvaffaqiyat kafolatlanadi», — deya ta’kidladi PA rahbari.
