Alifbodagi harflarni o‘zgartiraverish yirik ma’naviy va moliyaviy yo‘qotishlarni keltirib chiqaradi

Alifbodagi harflarni o‘zgartiraverish yirik ma’naviy va moliyaviy yo‘qotishlarni keltirib chiqaradi

Alifbo, birinchi galda, qulayligi bilan emas, balki u yoki bu tildagi har bir tovushni ifodalash imkoniyati bilan qadrli. Shu ma’noda, hozir biz maktablarda, o‘quvchi-yoshlar va pedagoglar uchun mo‘ljallangan nashrlarimizda qo‘llayotgan alifbomiz o‘zbek tilining barcha talablariga javob bera oladi. Faqat unda kichik bir juz’iy kamchilik bor. U ham bo‘lsa, yangi alifbomizda sirg‘aluvchi “j” tovushini ifodalaydigan alohida harf mavjud emasligidir. Ushbu muammoni ham osongina hal qilish mumkin. Agar bu tovush hozircha alifbomizda o‘z o‘rnini topolmay turgan “s” harfi bilan ifodalansa, olam guliston bo‘lardi-qo‘yardi.

Yana bir tomonini aytish kerakki, amaldagi lotin yozuvimiz AKT texnologiyalari bilan oliy darajada uyg‘unlashtirilgan. Kompyuter va boshqa kommunikasiya vositalarida o‘zbekcha yozish uchun hech qanaqa qo‘shimcha dasturlash yoki qayta moslashtirishga ehtiyoj yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov aytganidek: “Standart inglizcha klaviatura bor. Mana shu klaviatura doirasida ishlash kerak”. Bu borada vazirga e’tiroz bildirish o‘rinsiz. Chunki yangi alifbomizdagi qulayliklar kichik juz’iy kamchiliklar oldida beqiyos ustunliklarga ega. Qolaversa, yangi yozuvimiz butun dunyo miqyosida allaqachon tarqalib ulgurdi. Ishonmasangiz, istalgan kompyuter, planshet yoki uyali telefon apparatlarining o‘zbek tilida ishlaydigan versiyasiga kirib ko‘ring.

Yangi alifbo islohotchilarining takliflari asosida ish tutib, ayrim harflarga “dum” va “shox” qo‘yadigan bo‘lsak, xuddi ilgari har bir yozuv mashinkasiga qo‘shimcha harflar yasashga to‘g‘ri kelgan holatdagidek ahvolga tushib qolishimiz tayin. Yana shuni ham unutmaslik kerakki, har gal alifboni yoki alifbodagi harflarni o‘zgartiraverish yirik ma’naviy va moliyaviy yo‘qotishlarni keltirib chiqaradi.

Konferensiya ishtirokchilarining lotin alifbosidagi yozuvni tezroq to‘liq joriy etish haqidagi takliflariga esa men ham qo‘shilaman. Bu boradagi sustkashlik kelajakda yangi-yangi muammolarni paydo qilishi mumkin.

Menga qolsa, bolalarimiz dunyo o‘zbeklari qo‘llayotgan har uchala yozuv:  lotin, krill va arab alifbolarini ham birdek yaxshi bilishlari tarafdoriman.

O‘zbek tilining chinakam Davlat tiliga aylanishi yo‘lidagi yana bir jiddiy muammo savodxonlik masalasidir. Kitoblar, davriy nashrlar, ko‘cha va maydonlardagi bitiklarni ko‘rib, kulishingni ham achinishingni ham bilmay qolasan kishi.

Havaskor jurnalistlarimiz tomonidan “oshkora” so‘zining “oshkorasizlik” degan yangi antonimi yaratildi. Biz esa “oshkora” so‘zining zid ma’nolisi “pinhona” deb yurgandik. Yoki bo‘lmasa, “qo‘shimcha qiymat” so‘z birikmasining “qo‘shilgan qiymat”ga aylanib qolganiga nima deysiz?

Umuman, til me’yorlarini nazorat qiladigan biror mutasaddi ijtimoiy institutimiz bormi? Kerak-keraksiz joylarga rus va boshqa tillardagi yozuvlarning tiqishtirilayotgani haqida-ku gapiraverib charchadik. Imlo xatolari to‘g‘risida gap ochilsa, kishining ko‘ngli behuzur bo‘ladi.

Yaqinda 8-sinflar uchun mo‘ljallangan “Ona tili”(!) darsligi ichiga yopishtirilgan “Darslikdagi xatolarni tuzatish varag‘i”ga ko‘zim tushib qoldi. Unda kitobdagi noto‘g‘ri yozilgan so‘zlarga izoh berilibdi. Yaxshiyam buni kimdir sezib, tuzatishga harakat qilibdi. Kech bo‘lsa-da, xatolar tuzatilibdi. Biroq tuzatilmagan xatolar qanchaligini hech kim bilmaydi.

Manba: zarnews. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!