"Aktobe" Portugaliya terma jamoasi afsonasi Luish Nani bilan shartnoma imzoladi
Qozog‘iston futbolida haqiqiy "bomba" transfer amalga oshdi.
Portugaliya terma jamoasi afsonasi Luish Nani faoliyatini Qozog‘iston Premyer-ligasida davom ettiradigan bo‘ldi.
Mashhur futbolchi "Aktobe" klubi bilan 2026 yilning oxirigacha amal qiladigan shartnomaga qo‘l qo‘ydi.
Nani haqida nimalarni bilish kerak?
Kelib chiqishi: Kabo-Verdeda tug‘ilgan bo‘lsa-da, Portugaliya terma jamoasi tarixidagi eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va eng ko‘p gol urgan kuchli o‘nta futbolchi qatoriga kiradi.
"Manchester Yunayted"dagi davri: Lissabonning "Sporting" klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Nani Angliyada haqiqiy yulduzga aylangan. U "MYu" safida Chempionlar ligasi g‘olibi, to‘rt karra APL chempioni, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempioni, ikki marta Liga Kubogi va to‘rt marta Angliya Superkubogi sohibi bo‘lgan.
Xalqaro maydonda: Futbolchi faoliyatidagi eng yuqori cho‘qqi — Portugaliya terma jamoasi bilan 2016 yilgi Yevropa chempionatida g‘olib chiqqanidir.
Faoliyat yuritgan klublari:
Luish Nani faoliyati davomida "Lasio", "Venesiya" (Italiya), "Fenerbaxche", "Adanademirspor" (Turkiya), "Valensiya" (Ispaniya), "Orlando Siti" (AQSh), "Melburn Viktori" (Avstraliya) va "Eshtrela" (Portugaliya) kabi klublar sharafini himoya qilgan.
Endilikda 39 yoshli yulduz "oq-qizillar" safida yangi zafarlarga erishish va "Aktobe"ga sovrinlar yutishda yordam berishga harakat qiladi.

