AQSh Immigrasiya va bojxona xizmati agentlari Minneapolisda bir erkakni otib o‘ldirdi
AQSh Immigrasiya va bojxona xizmati agentlari Minneapolisda bir erkakni otib o‘ldirdi. Bu haqda AQSh OAV xabar berdi.
Minneapolis shahar polisiyasi boshlig‘i Brayan O'Haraning ma’lum qilishicha, AQSh Immigrasiya va bojxona xizmati (ICE) agentlari tomonidan o‘qqa tutilgan erkak olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Hodisa uni qo‘lga olish jarayoni chog‘ida sodir bo‘lgan.
Bir nechta guvohlar ko‘rsatma bergan. Minnesota shtatining Jinoyatlarni tergov qilish byurosi hodisa joyida mustaqil tekshiruvni boshlab yuborgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha agent migrantni avval yerga yiqitgan, bir necha bor kaltaklagan, shundan so‘ng uni otib tashlagan. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi bu shaxs qurollangan bo‘lganini, xodimlar o‘z hayoti uchun xavf tug‘ilgani sababli unga o‘q uzganini bildirdi.
"Bu yanvar oyi davomida Minneapolisda ICE xodimlari qurol ishlatgan uchinchi holat hisoblanadi. Yanvar oyining boshida ICE xodimi 37 yoshli mahalliy aholi vakili Rene Nikol Gudni otib o‘ldirgan, 14 yanvar kuni esa ICE o‘tkazgan operasiya vaqtida Venesueladan bo‘lgan migrant oyog‘idan yaralangan", deya qayd etadi CNN.
Shu bilan birga, shaharda ICE faoliyatiga qarshi yirik namoyishlar davom etmoqda. Namoyishchilar markaziy ko‘chalarni, hatto aeroportning bir qismini ham to‘sib qo‘ygan. Vaziyat tobora keskinlashib bormoqda, namoyishchilar Trampning immigrasiya kampaniyasini to‘liq to‘xtatishni talab qilishmoqda.
