Qirg‘izistondan olib kelingan giyohvandlik vositalarini Toshkentda sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib o‘tilgan giyohvandlik vositasini Toshkentda sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, oldindan kuzatuvga olingan 2 nafar fuqaro Yangihayot tumanidagi xonadondan chiqib ketayotgan vaqtda to‘xtatilib, shaxsiy tintuvdan o‘tkazilganida, ulardan birining yonidan 13 200 dollari va 19 million 900 ming so‘m naqd pullar topildi. Ikkinchi fuqaroning yashash xonadonida esa 2 kilo 5 gramm gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uy yaqinida fuqarolarni kutib turgan yana bir shaxs ham qo‘lga olinib, shaxsiy tintuvdan o‘tkazilganida, uning cho‘ntagidan 0,1 gramm gashish topilgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlarida aniqlanishicha, ushbu moddalarni Andijon viloyatida yashovchi shaxs o‘zining Qirg‘izistondagi sheriklari yordamida O‘zbekiston hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazgan.
U taqiqlangan vositalarni Toshkentga olib kelgach, giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi boshqa sherigiga 13 200 dollar va 19 million 900 ming so‘m naqd pul evaziga pullamoqchi bo‘lgan.
Foto: Bojxona qo‘mitasi
Hozirda Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan ushbu fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

